Tokioda o‘zbekistonlik vatandoshlar va startap asoschilari bilan uchrashuv o‘tkazildi
2025-12-23 19:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Yaponiyaga tashrif doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yaponiyada axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan va startaplarni rivojlantirayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, startaplar va AT-mutaxassislar uchun imkoniyatlar, shuningdek, xorijdagi o‘zbek diasporasi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir davomida Raqamli texnologiyalar vaziri O‘zbekiston startap ekotizimining hozirgi holati va rivojlanish dinamikasi, shuningdek, raqamli islohotlarning asosiy natijalari haqida ma’lumot berdi. Startaplarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmining o‘sishi, xalqaro akseleratsiya dasturlarining kengayishi va mamlakatning global texnologik xaritadagi o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvning alohida qismi xorijda ishlayotgan vatandoshlarimiz uchun IT Park Uzbekistan tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlarga bag‘ishlandi. IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Quchqarov O‘zbekistonni biznes va muhandislik jamoalarini rivojlantirish uchun markaz sifatida baholayotgan kompaniyalar uchun amaldagi soliq imtiyozlari, akseleratsiya dasturlari, startaplarni qo‘llab-quvvatlash choralari va softlanding mexanizmlari haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuvda Yaponiyadagi yetakchi xalqaro kompaniyalar va texnologik loyihalarda faoliyat yuritayotgan yigirmadan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar va startap asoschilari ishtirok etdi. Ishtirokchilar Yaponiya bozoriga kirishning amaliy masalalari, investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllarini muhokama qildilar.
Tadbirda “UPJ — Uzbek Professionals of Japan” vakillari faol ishtirok etdi.
Uchrashuv yakunida Yaponiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar so‘nggi yillarda O‘zbekiston startap ekotizimida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarni, shuningdek, texnologik biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadilar. Tomonlar o‘zaro manfaatdorlik, amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi texnologik va innovatsion aloqalarni mustahkamlash uchun aniq yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar tizimli muloqotni davom ettirish va o‘zbekistonlik vatandoshlarimizning bilimi, tajribasi va xalqaro aloqalarini O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga jalb etishga qaratilgan hamkorlikning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.


