Surxondaryolik xotin-qizlar uchun AT sohasidagi imkoniyatlar va raqamli ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan forum o‘tkazildi
2025-12-23 14:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan IT Park, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi hamda Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi hamkorligida Termiz shahrida “Raqamli dunyoda xotin-qizlar ishtiroki va IT sohasidagi imkoniyatlar” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova kirish so‘zi bilan ishtirok etdi. Ular xotin-qizlar uchun axborot texnologiyalari sohasida mavjud imkoniyatlar keng ekani, ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali ularning kasbiy salohiyatini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Ta’lim tashkilotlari va masofaviy ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ilhom Jo‘rayev raqamli ta’lim sohasidagi imkoniyatlar, xotin-qizlarning ta’limdagi ishtiroki hamda zamonaviy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish bo‘yicha foydali onlayn manbalar haqida ma’lumot berdi.
Forum doirasida Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi bosh mutaxassisi Fazliddin Tojiboyev generativ sun’iy intellekt vositalari bilan ishlash, ularni ta’lim va amaliyotda samarali qo‘llashga oid muhim manbalar bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir yakunida IT Park yetakchi mutaxassisi Obidjon Zohidjonov tomonidan sun’iy intellekt yordamida video va foto kontent yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Forumda faol ishtirok etgan xotin-qizlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida bepul ta’lim olish uchun vaucherlar topshirildi.
Ushbu forum Surxondaryolik xotin-qizlarni axborot texnologiyalari sohasiga keng jalb etish, ularning raqamli ko‘nikmalari va kasbiy bilimlarini oshirishga xizmat qildi.









