Kibersport bo‘yicha “Vazirlar Mahkamasi kubogi” o‘tkazildi
2025-12-22 17:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Respublikada kibersportni xavfsiz, tizimli va barqaror asosda rivojlantirish hamda uni keng ommalashtirishga qaratilgan yaxlit ekotizimni shakllantirish, kibersport musobaqalari va turnirlarini muntazam ravishda tashkil etish orqali iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash, ularni professional kibersport faoliyatiga yo‘naltirish, shuningdek, axborot texnologiyalari va IT-industriyasi uchun yuqori salohiyatga ega kadrlarni tayyorlash va ushbu sohaga jalb etish ishlarini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-noyabrdagi “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu islohotlar yurtimizda kibersport sohasini tizimli ravishda rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat va jamoaviylik muhitini shakllantirish, yuqori malakali yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash, iqtidorli kibersportchilarni xalqaro maydonlarga chiqarish va eksport qilish, shuningdek, ularni axborot texnologiyalari hamda IT-industriyasi sohalariga faol jalb etishga qaratilgan muhim vazifalar amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida kibersportning CS 2 – (Counter-Strike 2) hamda PUBG Mobile yo‘nalishlari bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” turniri tashkil etildi.
Musobaqa uch bosqichda – tuman va shahar, viloyat hamda respublika final bosqichlarida o‘tkazilmoqda. Turnirning saralash bosqichlariga joriy yilning 6-dekabr kuni start berildi. Respublika bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan jamoalar tuman-shahar va viloyat bosqichlarida faol ishtirok etdilar.
19-dekabr kuni esa musobaqaning respublika final bosqichi o‘tkazildi. Unda CS 2 (Counter-Strike 2) yoʻnalishi boʻyicha Qashqadaryo viloyatidan “NASAF” va Toshkent shahrining “STORM” jamoalari uchrashdilar.
Shuningdek, PUBG Mobile yoʻnalishi boʻyicha, “battle royale” rejimida 14 ta jamoa bellashuvlari oʻtkazildi.
Musobaqa Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sport vazirligi, Elektron kompyuter sporti federatsiyasi hamda Kibersport assotsiatsiyalari tomonidan tashkil etildi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 120 million so‘mni tashkil etib, har bir yoʻnalish boʻyicha 60 million so‘mdan taqsimlandi.
Finalda quyidagi jamoalar sovrinli o‘rinlarga ega chiqishdi:
CS 2 (Counter-Strike 2)
1-o‘rin – “Storm” jamoasi (Toshkent shahri), 30 mln so‘m;
2-o‘rin – “Nasaf” jamoasi (Qashqadaryo viloyati), 20 mln so‘m;
3-o‘rin – “LEGENDA999” jamoasi (Buxoro viloyati), 10 mln so‘m mukofot.
PUBG Mobile
1-o‘rin – “DANGER ESPORTS” jamoasi (Andijon viloyati), 30 mln so‘m.
2-o‘rin – “ARCRED” jamoasi (Toshkent shahri), 20 mln so‘m.
3-o‘rin – “UPGRADE” jamoasi (Namangan viloyati), 10 mln so‘m mukofot.







