O‘zbekiston Sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksida ikki yilda 25 pog‘onaga yuqoriladi
2025-12-22 14:05:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksi (AI Readiness Index)da so‘nggi yillarda barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Oxford Insights xalqaro tahlil markazi tomonidan e’lon qilingan reyting natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz 2023-yilda 87-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ushbu ko‘rsatkichni 25 pog‘onaga yaxshiladi.
Xususan, 2024-yilda mamlakatimiz mazkur reytingda 70-o‘rinni qayd etgan bo‘lsa, 2025-yil natijalariga ko‘ra yana 8 pog‘onaga yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarildi va o‘z pozitsiyasini yanada mustahkamladi.
AI Readiness Index davlatlarning sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish, joriy etish va ulardan samarali foydalanishga tayyorlik darajasini baholaydi. Reyting davlat boshqaruvi, texnologiyalar infratuzilmasi, inson kapitali, ma’lumotlar siyosati hamda innovatsion muhit kabi muhim mezonlar asosida shakllantiriladi.
Ushbu natijalar O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini strategik yo‘nalish sifatida rivojlantirish, raqobatbardosh raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va aholi uchun zamonaviy davlat xizmatlarini ta’minlash yo‘lidagi islohotlarning samarasini aks ettiradi.
