Qashqadaryoda xotin-qizlarning axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan forum tashkil etildi
2025-12-18 12:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Hududlarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning axborot texnologiyalari sohasidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek raqamli imkoniyatlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida “Raqamli dunyoda xotin-qizlar ishtiroki va IT sohasidagi imkoniyatlar” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
Forumda axborot texnologiyalari sohasiga qiziqqan, o‘z bilim va salohiyatini rivojlantirishni istagan xotin-qizlar hamda yoshlar faol ishtirok etdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining Mahalladagi xotin-qizlar faollari bilan ishlash, xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Nodira Karimova, Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Ziyoda Aminova, shuningdek soha mutaxassislari va tajribali spikerlar ishtirok etdi.
Forum davomida ishtirokchilarga raqamli kasblar, raqamli savodxonlikni oshirish yo‘llari, IT va sun’iy intellekt sohasida ta’lim hamda karyera imkoniyatlaridan amaliy foydalanish bo‘yicha zarur ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan xotin-qizlarga Coursera platformasidagi kurslarni bepul o‘qish imkoniyatini beruvchi vaucherlar topshirildi.
Shuningdek, spikerlar tomonidan quyidagi foydali platformalar va vositalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi:
aileaders.uz — Sun'iy intellekt bo'yicha bepul darslar.
aistudy.uz — sun’iy intellekt va IT yo‘nalishlari bo‘yicha bepul onlayn kurslar platformasi.
it-istedod.uz — Xalqaro AT kurslar va AT sertifikatlar kompensatsiyasi
Gemini AI — matn va tahlil bilan ishlashga mo‘ljallangan sun’iy intellekt vositasi.
ElevenLabs, HeyGen — ovoz va video kontent yaratish platformalari.
Claude, Codex, Cursor, Google AI Studio — dasturlash va AI loyihalar uchun professional vositalar.
Bunday tadbirlar xotin-qizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda karyera imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu orqali hududlarda raqamli rivojlanish va innovatsion muhitni mustahkamlashga hissa qo‘shiladi.









