“Digital Startup Awards” gʻoliblari aniqlandi
2025-12-14 13:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan “IT Park Ventures” bilan hamkorlikda 12–13-dekabr kunlari Toshkentda umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million AQSh dollarini tashkil etuvchi Markaziy Yevroosiyoning eng yirik tashabbuslaridan biri — “Digital Startup Awards” xalqaro dasturining grand finalini o‘tkazdi.
Dasturning maqsadi — yuqori salohiyatli loyihalarni aniqlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish va mintaqaviy startap ekotizimida innovatsion faollikni rag‘batlantirishdan iborat. Ishtirok etish uchun Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkmaniston va Mo‘g‘ulistondan startaplar taklif etildi. O‘zbekistonlik startaplar “Best Startup Project” yo‘nalishida ishtirok etishdi.
2025-yilda dastur Markaziy Osiyo, Kavkaz va Mo‘g‘uliston mamlakatlaridan startap asoschilari va texnologik jamoalar orasida yuqori qiziqishini uyg‘otdi. Jami 1025 ta ariza topshirildi, shulardan 397 tasi “Eng yaxshi startap loyiha” (Best Startup Project), 268 tasi “Incubation” va 360 tasi “Acceleration” yo‘nalishlari bo‘yicha qatnashdi.
Tanlov 2025-yil 1-iyulda e’lon qilindi, arizalar qabuli esa 2025-yil 10-sentyabrgacha davom etdi. Saralash va suhbatdan so‘ng startaplar uchta yo‘nalish bo‘yicha taqsimlandi. Ishtirokchilarga xalqaro ekspertlar va mentorlar bilan ishlash, o‘quv mashg‘ulotlari, intensiv seminarlar hamda texnologik jamoalar, korporatsiyalar va venchur fondlari bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatlari taqdim etildi.
Dasturning yakuniy qismida uchala yo‘nalish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi:
⎯ “Incubation” va “Acceleration” yo‘nalishlari bo‘yicha 29 ta startap;
⎯ “Best Startup Project” yo‘nalishi bo‘yicha 22 ta startap qatnashdi.
Incubation. Dastlabki saralash va yetakchi trekerlar bilan suhbatlar natijasida 30 ta startap tanlab olindi. Dastur onlayn shaklda o‘tkazilib, 10 hafta davom etdi. Natijada 15 ta startap o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, “IT Park Ventures” tomonidan 10 000 AQSh dollari miqdorida SAFE investitsiyasiga ega bo‘ldi. Finalistlar Toshkentga kelib, 12-dekabr kuni “Demo Day” tadbirida o‘z loyihalarini taqdim etishdi.
Ushbu 15 ta jamoa sun’iy intellekt, HR Tech, EdTech, MedTech, LogTech va GreenTech sohalarini birlashtiruvchi yechimlarni ishlab chiqmoqda. Loyihalar orasida sun’iy intellektga asoslangan rekruterlar, ta’lim sifatini oshirish va salomatlikni nazorat qilish platformalari, barqaror iste’mol yechimlari, logistika xizmatlari va kichik biznes uchun vositalar mavjud. Inkubatsiya dasturi mahalliy bozorlarni o‘zgartirish va mintaqaviy miqyosda kengayishga qodir bo‘lgan, ijtimoiy ahamiyatga ega hamda ekologik toza mahsulotlarni yaratuvchi texnologik jamoalar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qildi.
Acceleration. Akseleratsiya bosqichiga skrining va suhbatdan o‘tgan 14 ta startap tanlab olindi. Investitsiyalar dastur davomida erishilgan sifat o‘zgarishlariga qarab taqdim etildi.Dastur yakunida startaplar “IT Park Ventures” fondidan 50 000 AQSh dollarigacha SAFE investitsiya olishga muvaffaq bo‘ldilar.
Akseleratsiyada Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridan sun’iy intellekt, GovTech, B2B SaaS, EdTech, HR Tech va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish sohalarida yechimlar taklif etuvchi jamoalar ishtirok etdi. Ularning ishlanmalari savdoni raqamlashtirish, sotuvlarni optimallashtirish, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, hujjat aylanmasi, logistika, ta’lim xizmatlari va ma’lumotlarni qayta ishlash vositalarini qamrab oldi. Bu esa mintaqa texnologiyalarining yetukligini va jamoalarning xalqaro bozorlarga chiqishga tayyorligini ko‘rsatdi.
Best Startup Project. Oktabr–noyabr oylarida to‘qqizta mamlakatda oflayn yarim final bosqichlari o‘tkazildi. Finalga 22 ta startap chiqdi, ularning 18 tasi chet el mamlakatlaridan, 4 tasi — O‘zbekistondan.
Qo‘shimcha ma’lumot: Quyidagi startaplar ishtirok etdi: Bezen, E-mekdep (Turkmaniston); POS.TJ, Predictory (Tojikiston); Uwish, EGUNE AI (Mo‘g‘uliston); EMPY, ReEducate, Pixelait (Armaniston); PromConsulting, OptimTrade, MamaSpace (Qirg‘iziston); Cyberpack, Multicode (Qozog‘iston); Telagri, Kings International (Gruziya); Starkid Stories, Tryverse (Ozarbayjon); Uysot, Tezbor, HGT va Fleetroot (O‘zbekiston).
Yo‘nalishda EdTech, FinTech, E-Commerce, GovTech, AI, SaaS sohalaridagi yechimlar, shuningdek, barqaror rivojlanish va kreativ sanoat loyihalari taqdim etildi. Ishtirokchilar orasida ta’lim va sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish platformalari, savdo va logistika samaradorligini oshirish xizmatlari, tahlil va sun’iy intellekt vositalari bor edi.
Sovrinli o‘rinlar:
• 1-o‘rin — $40 000
• 2-o‘rin — $25 000
• 3-o‘rin — $15 000
• Eng yaxshi ayollar startapi — $10 000
Mukofotli o‘rinlar:
1-o‘rin — $40 000 — Multicode (Qozog‘iston)
Yo‘nalish: SaaS
Tavsif: Yuk vagonlari operatorlari uchun mo‘ljallangan, sun’iy intellektga asoslangan B2B SaaS-platforma bo‘lib, operatsion jarayonlarni optimallashtirishga qaratilgan.
2-o‘rin — $25 000 — HGT (O‘zbekiston)
Yo‘nalish: GovTech
Tavsif: Kommunal sohani raqamlashtirish hamda to‘lovlarni amalga oshirish uchun xavfsiz va qulay tizim yaratishga yo‘naltirilgan texnologik startap.
3-o‘rin — $15 000 — Telagri (Gruziya)
Yo‘nalish: FinTech
Tavsif: Qishloq xo‘jaligi kreditlashidagi xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan platforma bo‘lib, fermer xo‘jaliklari ma’lumotlarini moliyaviy ko‘rsatkichlarga aylantirish orqali banklarga risklarni boshqarish, fermerlarga esa mehnat unumdorligini oshirishga yordam beradi.
Eng yaxshi ayollar startapi — $10 000 — MamaSpace (Qirg‘iziston)
Yo‘nalish: MedTech
Tavsif: Ona salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan, sun’iy intellekt va soha ekspertlari ko‘magida ishlovchi platforma bo‘lib, onalar uchun ishonchli tavsiyalar taqdim etadi.
Bundan tashqari, “Digital Startup Awards” doirasida dastur elchilari uchun 10 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot jamg‘armasi o‘ynaldi, u startaplari birinchi uchta sovrinli o‘rinni egallagan mamlakatlar vakillari o‘rtasida taqsimlandi. Ushbu mukofot ularning startap ekotizimlarini rivojlantirish, jamoalarni qo‘llab-quvvatlash va tashabbusni milliy miqyosda ilgari surishga qo‘shgan hissasini e’tirof etish belgisi bo‘ldi.









