Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni vazirlik tizimida halollik tamoyillarini mustahkamlashga bag‘ishlandi
2025-12-10 14:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Aksilkorrupsiya oyligi doirasida 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Unda davlat organlarida halollik standartlarini mustahkamlash va korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytirishga qaratilgan vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, vazirlik markaziy apparati, vazirlik tizimidagi agentlik va inspeksiyalar, aksiyadorlik jamiyatlari, tashkilot va muassasalarning birinchi rahbarlari, inson resurslari bo‘limlari hamda ichki nazorat bo‘linmalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umid Mavlyanov o‘z nutqlari bilan ishtirok etib, soha bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, strategik vazifalar, davlat xizmatlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, qonunlarning mazmun va mohiyati, ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Feruza Muhitdinova ushbu qonunlarning amaliy ahamiyati, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar va ularni bartaraf etish tartiblari, davlat xizmatida etik mezonlarga amal qilish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda halollik tamoyillarini institutsional darajada joriy etish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Tadbir yakunida Maxsus avariya – tiklash boshqarmasi harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi xodimlari va vazirlik tizimidagi ichki nazorat tuzilmalari faol xodimlari o‘z xizmat burchini namunaviy bajarganliklari uchun taqdirlandilar.
Shuningdek, sohada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha xizmat qilgan va namunaviy faoliyat olib borgan xodimlar ham alohida e’tirof etildi.
Mazkur uchrashuv davlat organlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mas’ul xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli ishlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.









