O‘zbekiston IT hamjamiyatining yirik uchrashuvi - GDG Tashkent DevFest 2025 o‘tkazildi
2025-12-06 16:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 6-dekabr kuni Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida Google Developer Group (GDG) Tashkent tomonidan tashkil etilgan yillik DevFest 2025 tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda AQSh, Polsha, Ruminiya, Rossiya, Malayziya va BAA kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan 30 dan ortiq xalqaro spiker, shuningdek Google, Yandex, Pinterest, Bank of America va boshqa yetakchi texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Festivalga 5000 dan ziyod ishtirokchi qatnashib, uni O‘zbekiston IT-hamjamiyatidagi eng yirik voqealardan biriga aylantirdi.
Tadbirning kirish so‘zida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov DevFestning yillar davomida rivojlanib borayotgani, ishtirokchilar sonining ortishi va davlat rahbariyatining IT sohasiga e’tibori bu kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarning bilim olishi va mamlakatimizning IT-hub sifatida shakllanishida ularning hissasi muhim ekanini qayd etdi.
Tadbirda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ham so‘zga chiqib, bunday texnologik uchrashuvlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashini hamda yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.
DevFest dasturi ma’ruzalar bilan boshlandi. Unda texnologiyalar rivoji, sun’iy intellektning kundalik hayotga integratsiyasi, Google’ning ishlab chiquvchilar uchun yangi imkoniyatlari, hamda GDG Tashkentning kelgusi rejalariga oid ma’lumotlar taqdim etildi.
Festival doirasida AI, Cloud/DevOps va Mobile/Web yo‘nalishlarida amaliy mashg‘ulotlar va parallel sessiyalar tashkil etildi. Ishtirokchilar Vertex AI yordamida mahsulot yaratish, Firebase asosida AI-ilovalar ishlab chiqish hamda ko‘p tilli loyihalarda Flutter optimizatsiyasi bo‘yicha tajriba orttirdilar.
Google’ning MENA-T mintaqasi bo‘yicha startaplar bilan ishlash bo‘limi rahbari Ramesh Chander o‘z nutqida DevFest bilim almashish, yangi g‘oyalar topish va mahalliy hamjamiyatning global AT makoniga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlaydigan eng muhim maydonlardan biri ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida Expo hududida 10 dan ortiq kompaniya o‘z texnologik yechimlarini taqdim etdi. Umumiy media qamrovi esa 3 milliondan ortiq foydalanuvchini tashkil qildi.
DevFest 2025 o‘zbekistonlik ishlab chiquvchilar, yoshlar va texnologiya ixlosmandlari uchun global ekspertlar bilan bevosita muloqot qilish, yangi bilimlar olish va hamkorliklar yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.









