Xalqaro investitsiya forumi doirasida sun’iy intellekt mavzusiga bag‘ishlangan panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2024-05-03 09:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, SocraticsAI va TRACE Capital Holdings bosh direktori Timoti Yun, Citigroup sobiq texnik direktori Antonio Benjamin, Yandex Machine Intelligence Lab rahbari Aleksandr Kraynov, Future & Solutions bosh direktori Andrea Lovato ishtirok etishdi.
Ushbu panel sessiyasi sun'iy intellektning (AI) mintaqaviy va global iqtisodiyotlarni o‘zgartirishdagi ta'siri va rolini o‘rganishda muhim sanaladi.
Sessiya shuningdek, sun'iy intellektning kirib borishi natijasida kutilayotgan o‘zgarishlar hamda inklyuziv va barqaror kelajakni ta'minlash uchun ushbu yangi davr boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha masalalarni o‘z ichiga oldi.
“Sun’iy intellekt tushunchasining oddiy ta'rifi yo‘q. Uning rivojlanishi katta imkoniyatlar ochishi bilan birga yangi xavflarni ham keltirib chiqaradi.
Biz Vazirlik missiyasidan kelib chiqib, sun’iy intellektdan insonlar hayotini yengillashtirishga va qo‘shimcha daromadlar topishga imkoniyatlar yaratishi uchun kengroq foydalanishimiz hamda uning yordamida yangi paydo bo‘layotgan xavflarning oldini olish bo‘yicha ishlashimiz kerak”, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.








