Sirdaryoda IT salohiyatini oshirishga hissa qoʻshayotgan IT shaharcha faoliyati bilan tanishildi
2025-12-05 09:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi tasarrufidagi IT-shaharcha faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur maskan yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishda, ularning raqamli ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo'lmoqda.
Tashrif davomida vazirga IT-shaharchada yaratilgan sharoitlar, o‘quv sinflari, amaliy mashg‘ulotlar jarayoni hamda taʼlim dasturlarining qamrovi haqida batafsil maʼlumot berildi. Uchrashuv chog‘ida hudud yoshlarini texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishga jalb qilish va IT sohasida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha imkoniyatlar muhokama qilindi.
Ushbu IT-shaharchada yoshlar uchun qulay infratuzilma yaratilgan bo’lib, 2 ta dasturlash xonasi, 2 ta ingliz va yapon tillariga ixtisoslashgan xonalar, coworking maydoni hamda o‘qituvchilar xonasi mavjud. 450 o‘quvchiga mo‘ljallangan maskanda hozirga qadar 240 nafar yosh qamrab olingan. Ayni paytda 210 nafar o‘quvchi dasturlash, kompyuter savodxonligi va xorijiy tillar yo‘nalishlarida taʼlim olmoqda.
Bugungi kungacha 113 nafar o‘quvchi o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli yakunladi. Shulardan 4 nafari ingliz tilidan B1 sertifikat oldi, 1 nafari ishga joylashgan, yana 2 nafari oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan. 94 nafar o‘quvchi esa dasturlash bo‘yicha o‘qishni davom ettirmoqda.
Маʼlumot uchun: Hozirda respublikaning 13 ta hududida jami 15 ta “IT-shaharcha”ni tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha innovatsion taʼlim muhitini shakllantirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash va ularning global IT-bozorida o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishni maqsad qiladi.
Bugungi kunda Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan IT-shaharchalarda 1 000 dan ortiq o‘quvchi IT va xorijiy tillar bo‘yicha bepul taʼlim olmoqda. Ularda 25 nafar tajribali mentor dars bermoqda. Dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri 5–11-sinf o‘quvchilariga boshlang‘ich darajadagi zamonaviy ko‘nikmalarni yetkazishdir.



