Konstitutsiya – Raqamli O‘zbekistonning huquqiy poydevori
2025-12-04 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari

8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va 10-dekabr – Davlat madhiyasi kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Konstitutsiya – Raqamli O‘zbekistonni barpo etishda asosiy huquqiy poydevor”mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya, Yoshlar Parlamenti a’zolari, Vazirlik markaziy apparati, Vazirlik tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni kirish va tabrik so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev hamda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari O.Pekoslar barchani bosh Qomusimiz va Madhiya kuni bilan muborakbod etib, davlat ramzlarining ahamiyati, ularga har bir fuqaro hurmat ko‘rsatishi zarurligini ta’kidlab, bugungi kunda raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, erishilayotganyutuqlar, sohaga berilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar, maqsad hamda vazifalar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berishdi.
Davra suhbatida “Konstitutsiya – Raqamli O‘zbekistonni barpo etishda asosiy huquqiy poydevor” mavzusida chiqish qilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining a’zosi B.To‘xtamurodov Konstitutsiyaning ishlab chiqilishi, unga kiritilgan moddalar, xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, telekommunikatsiya yo‘nalishiga oid moddalarning mazmun-mohiyati, ulardan kelib chiqadigan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Taniqli siyosiy sharhlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Q.Karimbekov o‘z chiqishida Konstitutsiya va madhiyaning inson hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritib, qatnashchilarga qiziqarli ma’lumotlar berdi.
Shuningdek, mamlakat hayotida muhim ahamiyatga ega mazkur sanalar munosabati bilan xodimlar o‘rtasida kitob va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi “Impuls” harbiy ansambli tomonidan vatanparvarlik ruhidagi musiqiy chiqishlar taqdim qilindi.
Ma’lumot uchun: Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Konstitutsiya haqida ma’lumot berish bilan birga aholining huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirishga ko‘maklashishga qaratilgan constitution.uz veb-sayti hamda meningkonstitutsiyam.uz portallari ishlab chiqilgan.
Ularda zamonaviy axborot texnologiyalarning imkoniyatlarini hisobga olgan holda, mamlakatimiz haqida muhim ma’lumotlar, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, bosh qomusimizni aholining barcha qatlamlari o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etilayotgan tanlovlar, bu boradagi maqolalar, dunyo qonunchiligidan qiziqarli faktlar va boshqa multimedia ma’lumotlariga keng o‘rin berilgan.








