AQShning “Cerberus Frontier” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2025-12-04 15:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShning “Cerberus Frontier” kompaniyasi boshqaruv direktori Mixeil Nibladze boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Dastlab mehmonlarga IT Park tomonidan taqdimot qilindi. Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayonlari, telekom bozoridagi islohotlar, sohaga investitsiyalar jalb qilish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, mehmonlar Senior’s Capital Management doirasida “Cerberus Frontier” va “Unitel Group”ning birgalikdagi tajribasi, Gruziya va Mo‘g‘ulistondagi loyihalari haqida ma’lumot berishdi.
Vazir O‘zbekistonda aholining yuqori o‘sish sur’atlari, IT va telekom sohalarida yaratilgan sharoitlar, soliq imtiyozlari va infratuzilmaning kengaygani haqida aytib o‘tdi. Uchrashuv davomida infratuzilma almashinuvi va investorlar uchun yurtimizda yaratilgan sharoit va IT Park tomonidan taqdim etilayotgan qulayliklar haqida fikr almashildi. Uchrashuv kelgusida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish va iqtisodiyotning ushbu yo‘nalishida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.





