Raqamli transformatsiya davrida gender tenglikni ta’minlash: muammo va yechimlar
2025-11-27 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkent shahrida Raqamli transformatsiya davrida gender tenglikni ta’minlash: muammo va yechimlar mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilgacha gender tenglikka erishish hamda “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirishga bag‘ishlangan, shuningdek, 25-noyabrdan 10-dekabrgacha o‘tkaziladigan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi xabardorlikni oshirishga qaratilgan “16 kunlik faollik” doirasida barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar keng qamrovli tadbirlar o‘tkazishga chaqirilgan bo‘lib, ushbu konferensiya aynan shu tashabbus doirasida tashkil etildi.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda 100 dan ortiq xotin-qizlar qatnashdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova ishtirok etib, xotin-qizlarni raqamli zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha strategik choralar haqida so‘zladi va ularni AT sohasiga jalb qilib, ta’lim berish, ish bilan ta’minlash, yetakchi professional yo‘nalishlarga yo‘naltirish hamda zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish malakasini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Raqamli transformatsiya davrida gender tenglikni ta’minlashga nafaqat imkoniyatlar, balki xatarlar va ularga qarshi mexanizmlar nuqtai nazaridan yondashish zarur bo‘lib, anjuman aynan shu masalalarni ilmiy asosda tahlil qilish va yechimlar ishlab chiqishda davlat organlari, ilmiy muassasalar, OTMlar, fuqarolik jamiyati va biznes vakillarining hamkorligini ta’minlashga qaratildi.
Anjumanda soha mutaxassislari raqamli texnologiyalarning mehnat bozoridagi o‘rni, ish o‘rinlari va kasblarning raqamlashtirilishi jarayonida erkaklar hamda ayollar uchun teng imkoniyatlar, ayollar hamda erkaklar o‘rtasida raqamli bilimlar, texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalari darajasidagi farqlarni aniqlash va bartaraf etish, raqamli startaplar, innovatsion loyihalar, AT sohasida ayollar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha strategiyalar, ularning texnik salohiyatini oshirish masalalari, gender stereotiplarini yengish, onlayn tahdidlar (kiberbulling, zo‘ravonlik) va ularning oldini olishda jamoatchilik, hukumat hamda NNTlarning o‘rni kabi 10 dan ortiq dolzarb mavzularda o‘zaro fikr almashadilar.
Anjuman raqamli transformatsiya jarayonida gender tenglikni amalga oshirishga qaratilgan muhim ilmiy-amaliy platforma bo‘lib xizmat qildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston ta’lim ko‘rsatkichi bo‘yicha reytingda 87-o‘rindan 43-o‘ringa ko‘tarilib, bir yil ichida 44 pog‘onaga ko‘tarildi. O‘zbekiston siyosiy vakillik subindeksi bo‘yicha 89-o‘rindan 82-o‘ringa ko‘tarilib, 7 pog‘onaga o‘sdi va mintaqada 20 foizdan yuqori darajada yutuqlarga erishgan davlatlar qatorida qayd etildi.
So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, agar global miqyosda raqamli gender tafovuti bartaraf etilsa, 2030-yilga kelib dunyo yalpi ichki mahsulotini 1,5 trillion AQSh dollariga oshirishga, 2050-yilga kelib esa 30 million xotin-qizlarni qashshoqlikdan chiqarishga yordam berish mumkin.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan gender indekslar bo‘yicha maqsadli tadqiqotlar amalga oshirildi. Jumladan, 15 dan ortiq xalqaro gender indekslarining metodologiyasi, huquqiy asoslari va omillari o‘rganildi, 50 ga yaqin indikatorlar tizimli tahlil qilindi hamda asosiy gender indekslar kesimida 10 ga yaqin uslubiy materiallar va risolalar nashr etish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bor “Gender indekslar katalogi platformasi va mobil ilovasi” ishlab chiqildi, natijada indikatorlarni yagona elektron platformada jamlash, vizualizatsiya qilish va keng jamoatchilikka taqdim etish tizimi shakllantirildi.









