Buxoroda “IT-shaharcha” loyihasi start oldi
2025-11-25 17:10:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 15-may kuni qabul qilingan PQ-178-sonli qaror asosida yoshlarni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga bepul o‘qitishga qaratilgan “IT-shaharcha” loyihasi bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida Respublikamizning 13 ta hududida jami 15 ta “IT-shaharcha”ni tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha innovatsion ta’lim muhitini shakllantirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash hamda ularning global IT-bozorida o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Bugungi kunda Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “IT-shaharcha”larda 1 000 dan ortiq o‘quvchilar IT va xorijiy tillar bo‘yicha bepul ta’lim olmoqda. Ularda jami 25 nafar tajribali mentor faoliyat olib bormoqda. Dastur doirasida 5–11-sinf o‘quvchilari boshlang‘ich darajadagi bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
G‘ijduvondagi “IT-shaharcha” zamonaviy texnologiyalar asosida to‘liq jihozlangan bo‘lib, yoshlar uchun dasturlash, SMM, xorijiy tillar yo‘nalishlarda chuqur bilim olish imkoniyatini yaratadi. “IT-shaharcha” 180 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan ushbu markaz bir yilda 700 nafardan ortiq yoshlarni IT va xorijiy tillarga o‘qitishni maqsad qilgan.
Shuningdek, “IT-shaharcha”da kutubxona, shaxmat xonalari, workout maydonchalari hamda kovorking zonalari tashkil etilgan. Bu esa yoshlarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, muloqot qilishi, ijodiy g‘oyalari ustida ishlashi va erkin muhitda dam olishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani, Oqrabod qishlog‘ida yo‘lga qo‘yilgan “IT-shaharcha” nafaqat ta’lim, balki IT xizmatlari, frilanserlik va startaplar rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi. Kelgusida bu tashabbus hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish va yoshlarni global raqamli maydonga chiqarishga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.








