Sun’iy intellekt rivojida kibernetikaning o‘rni muhokama qilindi
2025-11-21 17:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 21-noyabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan “Kibernetika-zamonaviy sun’iy intellekt poydevori” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda kibernetika va zamonaviy sun’iy intellekt sohasiga o'z hissasini qo‘shgan akademiklar, olimlar ishtirok etdi.
Uchrashuvni tashkil etishdan maqsad kibernetika sohasining sun’iy intellektni rivojlantirishdagi ilmiy asos sifatidagi o‘rnini yuksaltirish, sohada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni, yangi innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va akademik-olimlar bilan yoshlar o‘rtasidagi samarali ilmiy-amaliy muloqotni yanada kengroq yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
Dastlab, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, kibernetika sohasi va sun’iy intellektnining bugungi kunda tutgan o‘rni, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, kadrlar tayyorlash va yoshlarni innovatsion loyihalarga jalb etish yuzasidan fikrlarini bildirdi. Shuningdek, vazir kelajakdagi strategik tashabbuslar, hamkorlik yo‘nalishlari va yangi innovatsion markazlar faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng akademik Mirzayan Kamilov so‘zga chiqib, kibernetika sohasining yurtimizdagi tarixi, uni rivojlantirish borasida qilingan ishlar, uning ahamiyati va ushbu sohaga hozirgi kunda Prezidentimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ma’lumot uchun: joriy yilda Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan bir guruh marhum olim va ijodkorlar xotirasi e’zozlanib, ularning xizmatlari yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi. Shu jumladan, kibernetika sohasiga beqiyos hissa qo‘shgan akademik Vasil Kabulov ham munosib ravishda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Shundan so‘ng vazirlik tomonidan kibernetika sohasiga alohida munosib hissa qo‘shgan 16 nafar olimning faoliyati alohida e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar zamonaviy sun’iy intellekt istiqbollari va ilmiy tadqiqotlardagi yangi yo‘nalishlar xususida o‘zaro fikr mulohazalar almashdi.









