Endi siz sun’iy intellektni aileaders.uz yangi ta’lim platformasi orqali o‘zbek tilida ham o‘rganishingiz mumkin
2025-11-20 09:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugungi kunda sun’iy intellekt (AI) texnologiyalari jadal taraqqiy etib, dunyo iqtisodiyoti, sanoat, ta’lim, tibbiyot, axborot texnologiyalari va boshqa ko‘plab sohalarning ajralmas qismiga aylanmoqda. Raqamli transformatsiya jarayoni nafaqat rivojlangan davlatlarda, balki O‘zbekistonning ham barcha sohalarida sezilarli sur’atlar bilan kechmoqda. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlash, aholining AI bo‘yicha savodxonligini oshirish va zamonaviy ko‘nikmalarni ommalashtirish tobora dolzarb masalaga aylanmoqda.
Ammo shu paytga qadar bitta katta to‘siq mavjud edi: O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha ta’lim resurslarining aksariyati chet tillarida bo‘lib, bu ko‘plab yoshlar, AT sohasi vakillari va keng jamoatchilik uchun o‘rganish jarayonini qiyinlashtirib kelayotgan edi.
Shu ehtiyojdan kelib chiqib, aileaders.uz ta’lim platformasi aholiga sun’iy intellekt asoslarini nafaqat chet tillarida, balki o‘zbek tilida, qulay va tushunarli shaklda o‘rganish imkoniyatini taqdim etishni boshladi. Endi siz sun’iy intellekt asoslarini to‘liq o‘zbek tilida ham o‘rganib, sertifikatga ega bo‘lishingiz mumkin.
aileaders.uz loyihasining bosh maqsadi – sun’iy intellektni o‘rganishni faqat tor doiradagi mutaxassislar emas, balki barcha yoshlar, talaba va o‘quvchilar, IT sohaga qiziqqanlar va hatto texnika bo‘yicha maxsus bilimga ega bo‘lmagan oddiy fuqarolar uchun ham qulay qilish.
Platformada darslar murakkab ilmiy atamalardan xoli, sodda va tushunarli tarzda tayyorlangan. Har bir mavzu oddiy misollar orqali tushuntiriladi. Foydalanuvchilar nazariyani o‘qibgina qolmay, amaliy misollar ustida ishlash orqali o‘z bilimini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladi.
AI haqida umuman tasavvurga ega bo‘lmaganlar ham kursni bemalol boshlashi mumkin. Bugungi kunda sun’iy intellekt bilan ishlash kasblarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Platforma o‘quvchilarga aynan amaliy hayotda qo‘l keladigan ko‘nikmalarni beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kelgusi 5–10 yil ichida sun’iy intellektdan foydalana oladigan kadrlar eng talabgir mutaxassislar qatoriga kiradi. Ishlab chiqarishdan tortib, marketing, tibbiyot, ta’lim va davlat boshqaruvidan boshlab — barcha sohalar AI yordami bilan optimallashtirilmoqda.
O‘zbekiston ham bu borada jadal qadamlar tashlamoqda. Jumladan, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida mazkur texnologiyalarga asoslangan yechimlarni ishlab chiqishni jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni IT yo‘nalishlariga jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar sun’iy intellekt bo‘yicha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, o‘zbek tilidagi ta’lim resurslari nafaqat yoshlar uchun, balki butun jamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
aileaders.uz platformasi istalgan yoshdagi va istalgan kasb egalariga ochiq. Sun’iy intellektni o‘rganish uchun yuqori darajadagi matematik bilim yoki dasturlash tajribasi shart emas. Darslar shunday tuzilganki, har bir foydalanuvchi o‘z tezligida o‘rganishi va amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lishi mumkin.
Mazkur loyiha O‘zbekistonda AI savodxonligini oshirish, zamonaviy bilimlarni aholiga yetkazish va raqamli transformatsiya jarayonida faol ishtirok etuvchi yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan.
