CYBER PARK CUP 2025 – Raqamli texnologiyalar avlodini shakllantirishga qaratilgan muhim bosqich
2025-11-17 20:25:00 / Vazirlik yangiliklari

17-noyabr – Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan “Cyber University” davlat universitetida “CYBERUNI PARK CUP 2025 – Talaba va yoshlar festivali” tantanali ravishda o‘tkazildi. Mazkur yirik tadbir yuzlab yoshlarni birlashtirib, kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar hamda ilmiy-texnik ijodkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida muhim qadam bo‘ldi.
Festival O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Cyber Park va Kiberxavfsizlik markazi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir dasturi ikki asosiy qismdan iborat bo‘ldi:
- Ilmiy-texnik ko‘rgazmalar, turli yo‘nalishlardagi musobaqalar va yangi innovatsion laboratoriyaning ochilish marosimi.
- Faollar zalida madaniy-ma’rifiy kecha.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, barcha talaba-yoshlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, Nurafshon shahar hokimi, hamkor oliy ta’lim muassasalari vakillari, ota-onalar, Koreyaning “Huvanshin” xususiy maktabi o‘quvchilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham tadbirda qatnashdilar.
Cyber Academy School tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalarda ishtirokchi yoshlar kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, elektronika, dasturlash, robototexnika va boshqa yo‘nalishlarda yaratgan loyihalarini namoyish etdilar. Mutaxassislar mazkur ishlanmalarni “zamonaviy ta’limning yorqin namunasi” sifatida yuqori baholadilar.
Cyber Park tomonidan “Cyber University”ga zamonaviy 3D printerlar va to‘liq jihozlangan laboratoriya uskunalari taqdim etildi. Mazkur jihozlar asosida universitetda yangi innovatsion laboratoriya ochilib, talabalarga amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, startap loyihalarni rivojlantirish va tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Musobaqalar quyidagi 6 yo‘nalish bo‘yicha tashkil etildi:
• CTF (Capture the Flag)
• Robo-Battle
• Robo-Football
• Drone Cargo Delivery Race
• Tethered Aircraft Combat (kordli aviamodellar jangi)
• FPV Drone Racing
G‘oliblar quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlandilar:
- 1-o‘rin — 5 000 000 so‘m + sertifikat
- 2-o‘rin — 3 000 000 so‘m + sertifikat
- 3-o‘rin — 1 000 000 so‘m + sertifikat
Robotlar jangi, dron poygalari, havo sharlari, ijodiy chiqishlar va texnologik yangiliklar bilan boyitilgan ushbu festival texnologiya va ijodkorlikning haqiqiy bayramiga aylandi.
CYBER PARK CUP 2025 — bu nafaqat musobaqa, balki O‘zbekistonning raqamli kelajagini yaratishda faol ishtirok etayotgan yosh avlodning yuksak salohiyati va birdamligini namoyon etuvchi muhim tadbirdir.









