Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining majlisi bo‘lib o‘tdi
2025-11-14 08:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari hamda rasmiy delegatsiyalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, yoshlar parlamentlari va guruhlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham qatnashdi.
Majlis davomida Markaziy Osiyoda xotin-qizlar rolini kuchaytirish nafaqat jamiyat taraqqiyoti, balki tinchlik, barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning muhim omili ekani ta’kidlandi. Muloqot mintaqa xotin-qizlarning hamjihatligi va hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Har bir davlat delegatsiyasi rahbari o‘z chiqishida majlisning ahamiyati, maqsad va vazifalari hamda kutilayotgan natijalar haqida fikr bildirdi.
Mazkur yig‘ilish joriy yilda 30 yilligi nishonlanayotgan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining ustuvor maqsadlarini amalga oshirishga, mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu xalqaro hujjatlar ayollarning siyosiy ishtiroki, iqtisodiy mustaqilligi, taʼlim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga teng huquqli kirish, gender zo‘ravonlikka barham berish hamda ekologiya va iqlim siyosatida ularning rolini kuchaytirish kabi 12 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.
Muloqot doirasida 5 ta tematik sessiya o‘tkazildi. Ularda ayollarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki, tadbirkorlik, ta’lim va sog‘liqni saqlash, innovatsiyalar hamda huquqiy himoya masalalari muhokama qilindi.
Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova “Innovatsiyalar, ommaviy axborot vositalari va iqlim siyosatida ayollar ishtiroki: imkoniyatlar va to‘siqlar” sessiyasida so‘zga chiqib, ayollarning axborot texnologiyalari sohasidagi ulushi ortishi iqtisodiy samaradorlik va mamlakat miqyosida katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, ularni raqamli iqtisodiyotga jalb etish ishlab chiqarish samaradorligi hamda YAIMga hissa qo‘shishda muhim omil bo‘lishini aytdi.
Majlis yakunida parlamentlararo tashabbuslar doirasida kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilovchi yakuniy hujjat qabul qilindi. Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, yillik monitoring va tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.









