Tarif kvotalari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 02.12.2021 yildagi 728-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan (https://lex.uz/uz/docs/5754389).
Nizomga asosan, tarif kvotasi — ayrim turdagi tovarlarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishning muayyan davri mobaynida belgilangan miqdorda import qilinadigan tovarlarga nisbatan import bojxona bojlaridan kam stavkalardan foydalanishni nazarda tutuvchi tartibga solish chora-tadbirlari, belgilangan miqdordan ko‘p holatlarda import bojxona bojlarining amaldagi stavkalari qo‘llanilishi.
Kelib chiqishi boshqa mamlakatlardan bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotasi hajmi, amal qilish muddati va import bojxona boji stavkasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bunda, tarif kvotasi hajmi shu turdagi tovarlarning ichki iste’moli va O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududida ishlab chiqariladigan o‘xshash tovarlar hajmlari o‘rtasidagi farqdan oshmaydi.
Tarif kvotalari hajmlari vakolatli organning (O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi) qaroriga muvofiq import qiluvchilar o‘rtasida taqsimlanadi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan hollar bundan mustasno.
