Toshkentda yirik Xalqaro Investitsiya Forumi davom etmoqda
2025-06-10 21:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 10-12-iyun kunlari CAEx ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida Toshkent Xalqaro investitsiya forumi tashkillashtirilmoqda. 10-iyun kuni Forum doirasida bir qator muhim masalalar yuzasidan muhokamalar va panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida 500 million AQSh dollari miqdoridagi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimida ishtirok etdi. Mazkur hujjat orqali 2025–2030-yillar davomida O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsad qilingan.
Shuningdek, vazir forum doirasida yurtimizda bo‘lib turgan BESIX xalqaro qurilish guruhi vakillari boshchiligidagi delegatsiya bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda mamlakatimizning urbanizatsiya borasidagi istiqbollari, jumladan, shaharlarni barqaror rivojlantirish dasturi doirasida infratuzilma va qurilish loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilinib, qurilishda ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish, shaharlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, forumda ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan yirik kompaniyalar rahbarlari va yuqori martabali mehmonlar bilan ham uchrashuvlar tashkil etildi.
“Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo hamkorligi: Samarqand sammitidan keyingi yo‘l” mavzusiga bag‘ishlangan panel muhokama davomida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan uzoq muddatli investitsiya aloqalari, strategik tarmoqlardagi investitsiyaviy tashabbuslari va ularni amalga oshirish jarayonlari muhokama qilindi. REE Linde biznes-prezidenti Shteffen Rixter O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun muhit sezilarli darajada yaxshilanganini ta’kidladi.
Tadbirda 2025-yil aprel oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar doirasida strategik darajaga ko‘tarilgan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha kelgusi qadamlar muhokama qilindi.
Yevropa investitsiya bankining Markaziy Osiyoda kreditlashtirish bo’yicha mutaxassisi Davide Monguzzi YIB mintaqaga faolroq kirib borayotgani sababli, boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham bankning mintaqaviy vakolatxonasi ochilishi kutilayotganini ma’lum qildi.
— Biz Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarda oldinga siljish bo’layotganini kuzatmoqdamiz. Bunga mintaqadagi ichki o‘zgarishlar tufayli erishildi, bu esa uni xalqaro hamkorlar uchun tobora jozibador qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi va AQShning strategik mavqega ega mintaqaga e’tiborini kuchaytirishga xizmat qiladi, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
EDF Central Asia bosh direktori Pierre Paul Antheunissens Fransiyaning EDF kompaniyasi tuzilmasi haqida so’zlar ekan, ular nafaqat kuzatuvchilar, balki Yevropa energiya bozorida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning ishtirokchilari ekanligini ham qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqining integratsiyalashgan elektr energiyasi bozorining asosiy maqsadlari — raqobatni kuchaytirish orqali elektr energiyasining arzonligini ta’minlash, iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib beruvchini o‘z mamlakatidan tashqarida ham tanlash imkoniyatini berish va energiya ta’minotining barqarorligi va ishonchliligini oshirish ekanini ma’lum qildi.
— Yevropadagi kalit so‘z — bog‘liqlik. "Bog‘liqlik" Yevropaning barcha energetika tarmoqlari to‘liq integratsiyalashganini anglatadi. Yevropa davlatlari o‘rtasida bir kun — bir soat ham elektr energiyasini sotib olish, sotish yoki uzatishsiz o‘tmaydi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham mo‘ljal bo‘lishi mumkin. Biz Tojikiston hududida barcha quvvat O‘zbekiston tomonidan iste’mol qilinadigan gidroenergiya ishlab chiqarish loyihasiga jalb qilinganmiz. EDF har ikki davlatning energetika vazirliklari bilan birgalikda loyiha ustida faol ish olib bormoqda, — deya qo‘shimcha qildi Pierre Paul Antheunissens.
"Suez" kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Pol Burdiyon O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash borasida jiddiy salohiyat mavjudligini qayd etdi va mahalliy jamoalarni suv resurslarini boshqarishning xalqaro standartlariga muvofiq rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Shteffen Rixter O‘zbekiston keng ko‘lamli davlat islohotlarini, mamlakatning muvaffaqiyatli transformatsiyasini va ko‘plab jozibador investitsiya imkoniyatlarini namoyish etayotganini qo‘shimcha qildi.
“Kelajak farmatsevtikasi: Yangi texnologiyalarga sarmoya kiritish” mavzusidagi panel sessiyasida esa dunyo farmatsevtika sanoatining ilg‘or mutaxassislari, investorlar va soha rahbarlari ishtirok etib, qatnashchilar tomonidan innovatsion texnologiyalar, genetik muolajalar va RNA asosidagi davolash usullarining istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirni olim, Harvard Tibbiyot maktabi qoshidagi Genetik kasalliklar bo‘yicha Xalqaro markaz asoschisi va ijrochi direktori Alireza Haqiqi olib bordi. U o‘z nuqtida kelajak avlod farmatsevtikasi butun dunyo insoniyat uchun foydali bo‘lishi kerakligini, bu borada hukumatlararo hamda jamiyatlararo hamkorlik nechog‘li muhim ekanligini qayd etdi:
— Biz genom tibbiyoti va aniq tibbiyotni rivojlantirish maqsadida butun dunyo hukumatlari bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Ushbu hamkorliklardan ko‘zlangan asosiy maqsad — tibbiyot-farmatsevtika xizmatlari faqatgina yuqori qatlam vakillariga emas, balki barchaga birdek foydalanish uchun ochiq bo‘lishi lozim.
Sessiyada, shuningdek, O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish davlat strategiyasi, hukumatning global miqyosda raqobatbardosh tarmoqni yaratishga sodiqligiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar yangi avlod dori vositalarini ishlab chiqish, innovatsion tadqiqotlar uchun xalqaro hamkorlik, shuningdek, farmatsevtik startaplar va ilmiy markazlar uchun sarmoyaviy imkoniyatlar haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
“Sanoat: yangi salohiyatni kashf qilish” mavzusidagi sessiyada O‘zbekistondagi avtomobilsozlik, elektrotexnika va sanoat mashinasozligining istiqbollari muhokama qilindi. Sessiyada qatnashganlar faqat O‘zbekistonda Amerika, Yevropa va Osiyodan kelgan vakillar birgalikda, mamlakatda biznesni qanday rivojlantirish va barcha davlatlar, raqobatga qaramay, umumiy manfaatlar yo‘lida rivojlanishga qanday hissa qo‘shishlari mumkinligini muhokama qilishayotganini ko‘rish mumkinligini ta’kidlashdi.
— O‘zbekiston bozori ochiq va biz butun dunyodan yangi ishtirokchilarning kirib kelayotganini kuzatmoqdamiz. Yangi o‘yinchilarning faoliyatini ko‘rish haqiqatan ham qiziq. Ular odatiy qoliplarni buzmoqda: mahsulotni bozorga chiqarish muddatlari, avtomobillarda dasturiy ta’minotning roli haqidagi tasavvurlar o‘zgarmoqda. Bu kompaniyalar arzon narxlarda sifatli va innovatsion yechimlarni taklif qilmoqda, — dedi Boston Consulting Group boshqaruvchi direktori va hamkori Juzeppe Kollino.
Shuningdek, sessiya davomida O‘zbekistonda yangi sanoat yo‘nalishlarini rivojlantiradigan imkoniyatlar, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan institutsional qo‘llab-quvvatlash choralari haqida muhim ma’lumotlar taqdim etildi.
“Shariatga muvofiq moliyaviy vositalar orqali KO‘B subyektlarini moliyalashtirish: O‘sishni jadallashtirish yo‘lida” mavzusida panel sessiyasida ishtirokchilar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishda halol, axloqiy va innovatsion moliyaviy mexanizmlarning o‘rnini keng muhokama qildi.
Tadbir davomida SEAF tomonidan boshqarilayotgan va yirik xalqaro moliyaviy institutlar — Islom taraqqiyot banki guruhi, Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan 100 million AQSh dollari qiymatidagi “O‘zbekiston Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi” (EEFU) platformasi taqdim etildi. Ushbu loyiha halol moliya vositalari orqali kichik biznes vakillarining imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
SEAF boshqaruvchi direktori, GIC (Global Investitsiya Qo‘mitasi) a’zosi Jan Cherim kichik va o‘rta biznes har bir iqtisodiyotining asosi ekanini aytib, ish o‘rinlarini yaratish, yangi g‘oyalar hamda innovatsiyalar aynan kichikroq hajmdagi tadbirkorlardan chiqishini qayd etdi. Ekspertlar O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirishga katta qiziqish borligini aytib, sohani rivojlantirishda davom etish kerakligini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilari shariatga asoslangan moliyalashtirishning investitsiyaviy jozibadorligi, biznesni barqaror qo‘llab-quvvatlashdagi ustunliklari hamda ushbu modelning O‘zbekistonda keng tatbiq etilishi istiqbollari xususida o‘z fikrlarini bildirishdi. Mazkur muloqot maydoni mamlakatda adolatli va inklyuziv moliyaviy tizimni shakllantirish yo‘lida yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
“Kreativ iqtisodiyot: Madaniy merosdan investitsion kelajakka” mavzusidagi panel sessiyasida kreativ sanoatning global iqtisodiyotdagi ahamiyati, ularning daromadni diversifikatsiyalash, yangi ish o‘rinlari yaratish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishdagi roli muhokama qilindi.
Sessiyada O‘zbekistonning boy madaniy merosi, rivojlanayotgan kreativ ekotizimi va bu sohalarda yuzaga kelayotgan investitsiyaviy imkoniyatlar – hunarmandchilik, madaniy turizm, zamonaviy san’at markazlari hamda xalqaro festivallar doirasidagi loyihalar kabi muhim mavzular haqida so‘z yuritildi. Tadbirda mamlakatning xalqaro brendini yaratish, yosh ijodkorlar va kreativ tadbirkorlar uchun sharoitlar hozirlash, madaniyat va san’atni iqtisodiy rivojlanishning asosiy omiliga aylantirish masalalari ham muhokama qilindi. Tadbir kreativ iqtisodiyotning O‘zbekistonda strategik yo‘nalish sifatida rivojlanishi va xorijiy investorlar uchun yangi jozibador maydonni yaratish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.
“To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va kiyim-kechak sanoati hamda ta’minot zanjiriga investitsiyalar” mavzusida panel sessiyasida O‘zbekistonning boy to‘qimachilik merosi va sanoatdagi yangi imkoniyatlari muhokama qilindi.
Sessiya ishtirokchilari O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, yetkazib berish zanjirlarini optimallashtirish va ekologik barqarorlikka erishish bo‘yicha fikr almashdilar. Xususan, xorijiy investorlarning ishtiroki va ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi orqali mahsulot sifatini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash yo‘llari muhokama qilindi.
“Wildberries Uzbekistan” bosh direktori Akmal Primqulov elektron tijorat orqali chakana savdodagi o‘zgarishlarni ta’kidladi:
— Chakana savdo keskin o‘zgarmoqda va biz Wildberries’da ishlab chiqaruvchilarni butun dunyo bo‘ylab millionlab mijozlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan, chegaralarni tan olmaydigan raqamli ekotizimni yaratdik. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun bu juda katta imkoniyat. Elektron tijorat bozorini tezlashtirgan CoVID-19 pandemiyasi tufayli biz endi raqamli dunyoga qo‘shilish imkoniyatiga egamiz. Bu nafaqat mahsulotlarni sotish, balki biznesingizni to‘liq raqamli modelga aylantirish imkoniyatidir.
O‘zbekiston ulkan iste’dodlar makoni bo‘lishi bilan birga, boy merosga ham ega. Biz butun dunyoga jahon brendlari kabi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ko‘rsata olamiz. Biz o‘zbekistonlik sotuvchilarni o‘z mahsulotlarini butun dunyo bo‘ylab eksport qilishga jalb etish uchun doimiy harakatdamiz va raqamli elektron tijoratga erta moslashganlar kelgusi besh yil ichida bozorda yetakchilik qiladi, deb o‘ylayman.
Ushbu fikrlar O‘zbekistonning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini global raqobatbardosh sanoatga aylantirish strategiyasida texnologik modernizatsiya va uzoq muddatli izchil islohotlarning har tomonlama ahamiyatini to‘laqonli ochib berishga xizmat qildi.
“Yangi O‘zbekistonning “yashil” rivojlanish modeli: Atrof-muhit muammolarini hal etishda qayta tiklanadigan energiyaning o‘rni” mavzusidagi panel sessiyada qayta tiklanadigan energiya global va mintaqaviy ekologik muammolarni hal etishda qanday hissa qo‘sha olishi muhokama qilindi.
Unda ta’kidlanishicha, yangi O‘zbekiston resurslardan samarali foydalanishga asoslangan, atrof-muhit barqarorligini ta’minlaydigan va iqtisodiy o‘sishni ko‘zlagan “yashil” rivojlanish modelini hayotga tatbiq etishni maqsad qilgan. Mamlakat innovatsion yechimlarni joriy etish uchun xorijiy investitsiyalar va hamkorliklarga ochiqdir.
O‘zbekiston energiya sektoriga 2035-yilga kelib qariyb 50 ming nafar muhandis, texnik, operator va raqamli IT mutaxassislari kerak bo‘ladi. Ekspertlar bunday qisqa muddatda malakali kadrlardan iborat katta ishchi kuchini yaratish masalalarini muhokama qildi. So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda energetika sohasiga qariyb 20 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etildi va umumiy quvvati 9,6 GVt bo‘lgan zamonaviy energiya inshootlari, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiyani saqlash tizimlari ishga tushirildi. Bu O‘zbekistonning barqaror kelajak sari yo‘lidagi ilk qadami hisoblanadi.
“Innovatsiyalarni jadallashtirish: Markaziy Yevroosiyoda raqamli transformatsiyada venchur kapitalning roli” mavzusida tashkil etilgan panel sessiyada sun’iy intellekt, startap ekotizimi va transchegaraviy investitsiyalarning yangi imkoniyatlari keng muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Markaziy Osiyoda venchur kapital bitimlari hajmi 2024-yilda 95 million AQSh dollari qiymatigacha oshgani, bu 2023-yilga nisbatan 7 foizga ko‘p ekani ham ta’kidlandi. Ishtirokchilar mintaqaviy startap ekotizimi jadal o‘sish arafasida ekanligini ta’kidlab, venchur investitsiyalarining sun’iy intellekt va texnologik tadbirkorlikni rivojlantirishda katalizator o‘laroq rolini ta’kidladilar.
— 2018-yilda O‘zbekistonga kelganimizda hukumatning xalqaro investitsiyalar va islohotlarga, jumladan, valyuta bozorini liberallashtirishga ochiqligini ko‘rdik. O‘sha paytlarda “texnologiya” deganda ko‘pincha faqat “temir” tushunilardi. Hozir esa turli kompaniyalarning bozorga kirib kelishi tufayli vaziyat tubdan o‘zgardi, — dedi “Sturgeon Capital” hamkori Robin Butler.
Muloqot davomida, ayniqsa, transchegaraviy hamkorlik, investorlar va mintaqaviy fondlar orqali texnologiyalarni tijoratlashtirish hamda xalqaro maydonga olib chiqish strategiyalari muhim e’tibor markazida bo‘ldi.
Forum 11-12 iyun kunlari ham o‘z ishini davom ettiradi.









