KOICA bilan mavjud loyihalarni yanada faollashtirish, yangi tashabbuslarni ishlab chiqishga kelishildi
2025-05-23 08:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Shin Myung Seop bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Olimjon Umarov tomonidan KOICA bilan uzoq yillardan beri yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikni alohida ta’kidladi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan hozirgi kunda amalga oshirilayotgan ustuvor loyihalar va islohotlar haqida ma’lumot berdi. U raqamli transformatsiya jarayonlarida xalqaro hamkorlarning, jumladan KOICAning o‘rni muhim ekanini qayd etdi.
O‘z navbatda, KOICA direktori O‘zbekistonda raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar yuzasidan ma’lumot berdi. Jumladan, KOICA tomonidan mamlakatimizdagi sohaga doir muhim yo‘nalishlarda, xususan davlat boshqaruvi, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida raqamli yechimlarni joriy etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, Shin Myung Seop KOICA tomonidan sog‘liqni saqlash sohasida tibbiy laboratoriyalarni raqamlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ta’kidladi. U bu yo‘nalishda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan yaqin hamkorlikni yanada kengaytirishga va kadrlarni tayyorlashlashda hamda ularning malakasini oshirishda amaliy yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar mavjud loyihalarni yanada faollashtirish, yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va raqamli sohaga oid yuqori texnologik yechimlarni joriy etishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.


