“Uzbekistan Tech Conference”: mamlakatimiz jahon texnologiya maydonidagi o‘rnini mustahkamlamoqda
2025-02-14 16:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Konferensiyada O‘zbekiston IT-eksporti, xalqaro hamkorlik istiqbollari va texnologik rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tadbirni ochib bergan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov davlatimiz tomonidan IT-sohasiga berilayotgan imkoniyatlar va xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘z yuritdi.
“Davlatimiz rahbari ko‘magida O‘zbekiston IT sohasi jadal rivojlanmoqda. Davlat miqyosida qabul qilingan qo‘llab-quvvatlash dasturlari startaplar va IT-kompaniyalar uchun qulay ekotizim yaratishga hamda kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.” – dedi vazir.
IT Park Uzbekistan vakillari mamlakatning global IT-markaz sifatidagi imkoniyatlarini taqdim etishdi. IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova O‘zbekistonning global texnologiya markazi sifatidagi o‘sib borayotgan roliga e’tibor qaratdi:
“So‘nggi 5 yil ichida mamlakatda ulkan ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida O‘zbekistonning IT yo'nalishidagi jozibadorligi jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Xorijiy kompaniyalar soni bir necha barobarga ko‘paydi, IT xizmatlari eksporti esa 89 ta mamlakatga yetdi.”
Shuningdek, tadbir davomida “DataVolt” bosh direktori Rajit Nanda, “Uzum” texnik direktori va mahsulot bo‘yicha direktori Kevin Xanda, “UZINFOCOM” kompaniyasin vakillari hamda “ARO” (AX Tech) kontent rahbari Aziz Rahimov O‘zbekistonda faoliyat yuritishning muvaffaqiyatli tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
“UZINFOCOM” yagona integratori vakili kaftni skanerlash orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi “MyID Palm” texnologiyasini namoyish etdi. U o‘z nutqida ushbu tizim o‘zbekistonlik IT-mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilayotganini, bu esa mahalliy kadrlarning yuqori malakasidan dalolat berishini ta’kidladi.
Aziz Rahimov (ARO, AX Tech) kompaniyaning BAAga IT-xizmatlarini muvaffaqiyatli eksport qilish bo‘yicha amaliy tajribasiga asoslanib, O‘zbekistonning IT-hab sifatidagi strategik afzalliklari haqida gapirdi.
Konferensiya xorijiy kompaniyalar bilan biznes hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni boshlash uchun platforma bo‘lib xizmat qildi. Shuningdek, O‘zbekistonning soliq imtiyozlari, IT-biznesni qo‘llab-quvvatlash choralariga oid taqdimotlar o‘tkazildi. Natijada tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochish va mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda xalqaro buyurtmalarni amalga oshirishga qiziqish bildirishdi.
Tadbir yakunida 26-27-fevral kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Offshore Outsourcing Conference”ga xorijiy kompaniyalar taklif etildi.









