IT Park yirik eksportyori “East Games” kompaniyasi faoliyatini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
2023-11-13 18:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrifdan koʻzlangan maqsad — Oʻzbekistonda oʻyinlar yaratish va oʻyin sanoatini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
Uchrashuv doirasida Sherzod Shermatov innovatsion kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash, IT-taʼlim va dasturchilar uchun qulay ekotizim yaratish kabi rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtalib, mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun raqamli texnologiyalarning muhimligini taʼkidladi.
“East Games” vakillari kompaniyaning joriy yutuqlari haqida umumiy maʼlumot berib, kompaniyalar guruhida 1700 dan ortiq xodimlar bandligini qayd etib, Oʻzbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Kompaniyaning jahon bozoridagi mavqeyini yanada mustahkamlash boʻyicha muvaffaqiyatli loyihalari va rejalari muhokama qilindi.
Kompaniyaning rivojlanish boʻyicha direktori Akmal Salixov Oʻzbekistonda GameDev sanoatining rivojlanishini batafsil tahlil qildi va mamlakat boʻylab universitetlarda oʻyinlar yaratish boʻyicha taʼlim dasturlarini joriy etish strategiyasi bilan oʻrtoqlashdi.
Shuningdek, u “East Games” kompaniyasining Oʻzbekistondagi taʼlim va dasturchilarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi rejalari haqida gapirib, kompaniyaning sanoatni ommalashtirish, universitetlarda brend sinflar yaratish va “Game Dev” oʻquv dasturlarini qoʻllab-quvvatlash niyatida ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, IT Park tomonidan qoʻllab-quvvatlash, jumladan, meʼyoriy hujjatlarni qoʻllash va maslahat berish uchun yagona darcha yaratish masalalarini muhokama qildilar. Oʻzbekistonda dasturchilarni samarali qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy qadamlar belgilandi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha tezkor axborot almashish va strategiyalarni muvofiqlashtirish uchun muntazam uchrashuvlar oʻtkazishga kelishib olindi. Tomonlar sohani rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va Oʻzbekistonda IT-xizmatlar eksportini faol qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.






