“Seeds for the Future 2024” dasturining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
2024-08-12 22:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Huawei kompaniyasi hamda IT-taʼlim uyushmasi, shuningdek, nazorat qiluvchi organlar, telekommunikatsiya va mehnat agentliklari, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo taʼlim muassasalari koʻmagida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi universitet talabalari uchun “Seeds for the Future 2024” nufuzli yillik ta’lim dasturi ishga tushirildi.
Universitet talabalariga moʻljallangan “Seeds for the Future” dasturi mahalliy isteʼdodlarni kashf etish, bilim almashish, AKT haqida xabardorlikni oshirish va yosh isteʼdodlar uchun raqamli hamjamiyatni rivojlantirishga qaratilgan. Ta'kidlash lozimki, ushbu nufuzli tadbir O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilmoqda.
Bugun, 12-avgust kuni Raqamli texnologiyalar vazirligining majlislar zalida ushbu tadbirning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo vitse-prezidenti Shunli Vang o‘z nutqlari bilan ishtirok etdi.
“Ushbu tadbir O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish hamda Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun juda muhim. Ushbu maqsadlar yo‘lida bizga talantli yoshlar kerak. “Seeds for the Future” dasturi esa ularni kashf qilish hamda AKT sohasida global hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Iste’dodlarni rivojlantirish, raqamli va yashil dunyoni barpo etish uchun ilg‘or platforma yaratish yo‘lida Huawei kabi hamkorimiz borligidan mamnunmiz”, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov.
Ushbu dasturga Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 14 davlatidan 150 nafar talaba, 14 nafar oʻqituvchi va akademiklar ishtirok etmoqda.
Shuningdek, “Seeds for the Future” dasturi doirasida Huawei kompaniyasi Toshkent shahrida eng so‘nggi AKT texnologiyalarini qo‘llash orqali ijtimoiy muammolarni hal qila oladigan g‘oyalarga ega yoshlarga qaratilgan “Tech4Good” mintaqaviy tanlovini ham o‘tkazmoqda.
Bu yilgi ishtirokchilar orasida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Qozog‘iston, Qatar, Qirg‘iziston, Quvayt, Livan, Ummon, BAA, Pokiston va Saudiya Arabistoni kabi 14 davlatning yetakchi universitetlaridan 150 nafar talaba ishtirok etmoqda.









