SUV KODEKSI – MILLIY BARQARORLIK VA XAVFSIZLIK GAROVI
2025-08-05 17:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni iste’mol qilish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish maqsadida, suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda mamlakatda suv qonunchiligi yanada takomillashtirildi.
Yurtimizda suv resurslaridan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilish borasida yangi huquqiy asos shakllandi. Suv kodeksi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining suv xo‘jaligini rivojlantirishga doir qator farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, suv va suvdan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqildi.
2025-yil 30-iyul kuni qabul qilingan 1076-sonli O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan rasman tasdiqlangan Suv kodeksi mamlakatda suv, suv obyektlari va suv fondi yerlaridan foydalanish munosabatlarini kompleks ravishda tartibga soladi.
Hujjatda suv milliy boylik sifatida e’tirof etilib, undan faqat oqilona va maqsadli foydalanish lozimligi, davlat tomonidan qo‘shimcha muhofazaga olinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Kodeks rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach to‘liq kuchga kiradi. Yangicha huquqiy tartib suv resurslarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlar va jamoatchilik ishtirokini kuchaytiradi. Mutasaddilar va ekspertlar bu o‘zgarishlar mamlakatda suvdan oqilona foydalanish, uni muhofaza qilish va ekotizim barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashmoqda.
Suv kodeksini qabul qilish orqali O‘zbekiston suv resurslari himoyasi va ulardan samarali foydalanish sohasida sifat jihatidan yangi bosqichga qadam tashladi.
Hujjatda bir qator muhim qoida va normalar, jumladan, suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratish, suv yetkazib beruvchilar va suvdan foydalanuvchilarning mas’uliyatini oshirish, suvdan foydalanishda maxsus ruxsatnoma olish masalalari o‘z aksini topgan.
Shuningdek, kodeksda suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanishni rag‘batlantirish, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari ham nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, hujjatda suvdan foydalanuvchilar va suv yetkazib beruvchi tashkilotlar hamda suvdan foydalanuvchilarning birlashmalari, nodavlat tashkilotlari, ular a’zolarining huquq va majburiyatlari aniq belgilab berilgan.
Shu bilan bir qatorda, hujjatda suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari aniq va qat’iy belgilanib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan suv olish inshootlarini ularni dastlabki holatiga keltirish qonun buzuvchi hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Suv kodeksini ijrochilarga yetkazilishini ta’minlash hamda hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida fermerlar va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish muhim hisoblanadi.
Har qanday qonun, agar u amaliyotda qo‘llanilmasa, samarasiz hisoblanadi. Bugungi kunda suvdan foydalanuvchilar – fermerlar, klasterlar, suv xo‘jaligi vazirligi tizim tashkilotlari rahbarlari va boshqalar Suv kodeksining norma va qoidalari bilan to‘liq tanish emasligi amaliyotda turli qonunbuzarliklarga, suv isrofgarchiligiga va nizo-tortishuvlarga olib kelishi mumkin.
Shu bois joylarda tizim tashkilotlari rahbarlari va fermerlar uchun o‘quv-seminarlar, treninglar va huquqiy-amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish juda muhimdir. Bun borada Suv xo‘jaligida islohotlar markazi zimmasiga ham o‘quv-seminar va treninglarni samarali tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Suvdan foydalanuvchilar uchun tashkil etiladigan o‘quv-seminarlar va treninglar suvdan foydalanishdagi huquq va majburiyatlarni tushunish, qonunbuzarliklarning oldini olish, suv tejamkorlik madaniyatini shakllantirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, atrof-muhit va ekotizimni muhofaza qilishga imkoniyat yaratadi.
O‘zbekiston – suv resurslari cheklangan davlatlardan biri. Bunday sharoitda Suv kodeksi – milliy barqarorlik va xavfsizlik garovidir. Hujjatda belgilangan qoida va normalar nafaqat yuristlar, balki har bir suvdan foydalanuvchi subyektlar – fermer, klaster, hududiy rahbar va muhandis tomonidan chuqur anglanishi va amalda qo‘llanilishi lozim.
Suv kodeksi normalari bo‘yicha muntazam o‘quv-treninglar tashkil etish suvdan foydalanish sohasida huquqiy ongni oshiradi, qonunbuzarliklarni kamaytiradi va eng muhimi, suv resurslarini kelajak avlodlar uchun asrashga xizmat qiladi.
X.Lapasov,
Suv xo‘jaligida islohotlar markazi direktori
