TARAQQIYOTNING ENG MUHIM TALABI – KADRLAR SALOHIYATI
2025-07-24 14:45:00 / Yangiliklar

Vazirlik tizimida jami 296 ta tashkilot bo‘lib, ular 34 348,5 ta shtat birligiga ega. Shundan boshqaruv xodimlari 2 536,5 nafarni, ishlab chiqarish xodimlari 29 801 nafarni, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar 2 011 nafarni tashkil qiladi. Shu o‘rinda tizimdagi yosh kadrlar salohiyati haqida ham alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Bugungi kunda vazirlik tizimida 30 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlar 4 178 nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi 155 ta tuman irrigatsiya bo‘limlari hamda 161 ta suv xo‘jaligi maxsus xizmatlari tugatilib, ularning negizida xo‘jalik hisobida faoliyat yuritadigan 159 ta tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etildi. Davlat muassasalarining samarali faoliyat yuritishi uchun 1 900 nafardan ortiq salohiyatli, oliy ma’lumotli kadrlar ishga qabul qilindi.
Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida hamda suv xo‘jaligining o‘rta va yuqori bo‘g‘inlaridagi tizimli muammolarni hal qilish maqsadida mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 7-may kuni “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonning muhim jihatlaridan biri shundaki, Suv xo‘jaligi vazirligining faoliyati uch bo‘g‘inga ajratilib, vertikal boshqaruv tizimi tashkil qilindi. Bunda yuqori bo‘g‘in – davlat suv siyosatini yuritish, regulyator, o‘rta bo‘g‘in – suv obyektlarini ekspluatatsiya qilish, qurish hamda sohaga biznes jarayonlarini olib kirish, quyi bo‘g‘in – bevosita iste’molchilarga suvni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Xodimlarning ish samaradorligini oshirish bevosita ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bilan bog‘liq. Vazirlik tizimida o‘rtacha oylik ish haqi 2024-yil iyul oyiga qadar 2,6 mln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘rta va yuqori bo‘g‘in xodimlarining oyligi iyuldan boshlab 22 foizga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2025-yildan 60 foizga oshiriladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, 2024-yil yanvardan quyi bo‘g‘in xodimlarining oyligi 2 barobarga oshirilgan bo‘lib, ularga qator rag‘batlantirish mexanizmlari ham joriy qilingan.
Endilikda Suv xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan suv resurslarini boshqarish borasidagi faoliyatiga uchinchi shaxslar, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuvi taqiqlanadi.
Vazirlik tizimida gender tenglikni ta’minlashga ham e’tibor qaratilib kelinmoqda. Jumladan, hozirgi kunda tizim tashkilotlarida jami 2 166 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritadi. 36 nafar xotin-qizlar vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda vazirlik tasarrufidagi respublika va tizim tashkilotlarida rahbar lavozimlarida ishlab kelmoqda.
Kadrlar salohiyati haqida gap ketganda nafaqat bugungi kunda faoliyat yuritayotgan xodimlar, balki kelgusida tizimga kirib keladigan yosh mutaxassislar haqida ham qayg‘urish muhim. Vazirlik tizimidagi tashkilotlarni kelgusida oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlashni tizimli ravishda davom ettirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-fevraldagi PQ-66-sonli qaroriga asosan 2024–2025 o‘quv yilidan boshlab, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida suv xo‘jaligi va melioratsiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 100 ta qabul kvotasi ajratilib, ushbu o‘rinlarga abiturientlar qabuli tashkil etildi. 9 ta suv xo‘jaligi va melioratsiya kollejlarida 2023–2024 o‘quv yilida jami 22 ta mutaxassisliklar (shundan 7 ta tayanch mutaxassislik) bo‘yicha kunduzgi, sirtqi va dual ta’lim shakllarida jami 1 900 ga yaqin o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlandi.
Tizimdagi yangiliklar va yangi texnologiyalardan xabardor bo‘lish, o‘zaro tajriba almashishda malaka oshirish tizimining ahamiyati juda muhim. Shu ma’noda 2024-yil davomida vazirlik markaziy apparati hamda uning tizimidagi tashkilotlarning jami 2 863 nafar rahbar va mas’ul xodimlarning malakasi oshirilganini ta’kidlash joiz. Ushbu xodimlarning 10 nafari turli xorijiy davlatlarda soha bo‘yicha malaka oshirib qaytgan.
Suv xo‘jaligi sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda ularning tizim tashkilotlarida faoliyati yuritayotgan xodimlarning Vazirlik markaziy apparatida stajirovka o‘tash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha doirasida 2024-yil davomida jami 32 nafar tizim tashkilotlari xodimlarining Vazirlik markaziy apparatida stajirovkalari tashkil etilib, ushbu stajyorlarning lavozimlari bir pog‘ona ko‘tarildi, shularning 10 nafari rahbar lavozimlariga tayinlandi. Shuningdek, ushbu xodimlarning barchasi istiqbolli yosh kadrlar zaxirasiga kiritildi. Hozirda ushbu an’ana tizimli ravishda davom ettirilib, hududlardagi tizim tashkilotlaridan jami 22 nafar yosh xodimlarning stajirovkasi vazirlik markaziy apparati hamda respublika tashkilotlarida amalga oshirilmoqda.
Vazirlikning hududlardagi barcha tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga ham stajirovka o‘tash uchun yo‘naltirilib, ular “ustoz-shogird an’anasi” asosida tajribali ustoz-mentorlarga biriktirilmoqda.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan “Yosh mutaxassislarni tanlash to‘g‘risidagi Nizom” ishlab chiqildi. Ushbu nizom asosida shu kunga qadar oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurslarida ta’lim olayotgan 22 nafar iqtidorli yoshlar saralab olinib, ularning stajirovkasi tashkil etildi va zaxiraga kiritildi. Hozirda ushbu ishlar tizimli ravishda davom ettirilib, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 21 nafar bitiruvchi kurs talabalari tanlovning suhbat bosqichiga o‘tkazildi.
2020–2023 yillarda Jizzax hamda Sirdaryo viloyatida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obyektlarini ta’mirlash bo‘yicha Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining ilmiy xodimlari, doktorant, magistrant hamda iqtidorli talabalari jalb qilindi.
Ular loyihalarni amalga oshirishning eng muqobil yo‘lini tanlash va texnik topshiriqlarni ishlab chiqish, obyektlarning loyihaoldi birlamchi hujjatlari bo‘yicha tegishli xulosalar va takliflar tayyorlashda ishtirok etishdi.
Talabalarning yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyoti Vazirlik tomonidan universitet bilan kelishilgan holda tasdiqlangan jadval va dastur asosida ixtisoslashgan kafedralarning professor-o‘qituvchilari rahbarligida yuqoridagi hududlardagi obyektlarda, shuningdek buyurtmachi, pudratchi va suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlarida o‘tkazildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Hisob palatasi bilan birgalikda betonlash ishlarida tegishli oliy ta’lim muassasalari yuqori kurs talabalarining amaliyotini hamda ilmiy xodimlarining tadqiqotlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqildi.
Dasturda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, “Suvchilar maktabi” hamda Beruniy, Kegeyli, Galaosiyo, Kasbi, Qamashi, Navbahor, Mingbuloq, Bandixon va Qo‘shko‘pir agrotexnologiyalar texnikumlarining ilmiy xodimlari, professor-o‘qituvchilari hamda yuqori kurs o‘quvchi va talabalari tomonidan betonlash ishlari tugagunga qadar bo‘lgan barcha jarayonlar ilmiy yondashuv asosida kuzatilib, tavsiya va xulosalar berib borish amaliyotini joriy qilish ishlari inobatga olindi.
Vazirlik tizimiga iqtidorli yosh kadrlarni jalb etishni yanada kuchaytirish maqsadida 2024-yilda “Suv xo‘jaligi vaziri stipendiyasi” ta’sis etildi. Mazkur stependiya suv xo‘jaligi sohasiga kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-tadqiqot ishlarida faol, texnik va ixtirochilik qobiliyatiga ega bo‘lgan, fan olimpiadalari g‘oliblari, turli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagan hamda ta’lim muassasasi ijtimoiy faoliyatida ishtirok etib o‘zlarini namoyon etgan bakalavriat talabalariga beriladi. 2025-yilda 8 nafar talabaga ushbu stipendiya sertifikatlari topshirildi.
Har yili 500 nafardan ziyod oliy ma’lumotli mutaxassislar tizim tashkilotlariga ishga qabul qilinmoqda. Oxirgi 5 yilda 2 560 nafar oliy ma’lumotli mutaxassislar tizim tashkilotlari tomonidan ishga qabul qilindi. Bu xayrli an’anani davom ettirgan holda joriy yilda ham 1000 nafarga yaqin yosh mutaxassislar ishga olinadi.
“Suvchilar maktabi”ning 2025-yilga mo‘ljallangan o‘quv kurslarida yil davomida ushbu kurslarga jalb etilgan 10 mingdan ziyod fermerlar, suv iste’molchilari suv resurslaridan foydalanish tartibi, zamonaviy sug‘orish texnologiyalari, hududlarning tuproq sharoiti, sug‘orish muddatlari va me’yorlari haqidagi bilimlarga ega bo‘ladi.
Suv xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan ham munosib baholanib kelinmoqda. Xususan, 2017–2024 yillarda vazirlik tizimida mehnat qilayotgan 52 nafar mutaxassislar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni bilan 9 nafar, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan 11 nafar, “Do‘stlik” ordeni bilan 16 nafar, “Shuhrat” medali bilan 9 nafar, “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan 5 nafar, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan 1 nafar soha xodimlari taqdirlanib, yana bir hamkasbimiz “Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining 30 yilligi” yubiley medaliga munosib deb topildi. Shu bilan birga hozirgi kunga qadar 438 nafar vazirlik hamda suv xo‘jaligi sohasi fidoiylari “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Yuqorida keltirganlarimiz – Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida kadrlar siyosati borasida qilingan ishlarning bir qismi. Tizimdagi boshqa yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar, ularning qamrov yo‘nalishlari bir-biriga chambarchas bog‘liq.
2025-yilda ham suv xo‘jaligi sohasida zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, sohaga salohiyatli mutaxassis kadrlarni yanada ko‘proq jalb etish, iste’molchilar uchun qulayliklar yaratish ishlari izchil davom ettiriladi. Maqsad esa bitta: tizim faoliyatini yanada yaxshilashga hissa qo‘shish, soha doirasida aholiga, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rastishdir.
D.Alikulova,
Inson resurslarini rivojlantirish
va boshqarish bo‘limi boshlig‘i
