TERMIZ TUMANI SUVChILARIGA ELEKTROSKUTERLAR TARQATILDI
2025-05-14 15:20:00 / Yangiliklar

Geografik jihatdan qaraganda Surxondaryo viloyatining kichikroq tumaniga o‘xshaydigan Termiz tumanining hududi nihoyatda cho‘zilib ketgan. Bir tomoni qo‘shni Afg‘oniston va Tojikiston davlatlari bilan chegaradosh bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi tomoni Jarqo‘rg‘on, Angor va Muzrabot tumanlariga borib tutashadi. Ekin maydonlari esa o‘nga yaqin katta kanallar va yuzlab kilometr uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlari yordamida obihayot bilan ta’minlanadi.
Termiz tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi rahbarlari irrigatorlarning mehnati mashaqqatli ekanligini inobatga olib, dalalarga suv yetkazib berishda fidoyilik ko‘rsatayotgan xodimlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama qulaylik yaratish choralarini izlamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi tegishli qaroriga asosan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan davlat byudjetiga tushgan tushumning 40 foizini DMlar faoliyatini moliyalashtirish, ularning balansidagi ob’ektlarni saqlash va texnik holatini yaxshilash, shuningdek, mehnatda o‘rnak ko‘rsatayotgan xodimlarni rag‘batlantirish xarajatlariga yo‘naltirilayotgani tufayli Termiz tumani DM rahbariyati ham olis hududlarda ishlayotgan suv nazoratchilari, kanal boshliqlari va tajribali miroblarning ishini har tomonlama yengillashtirish maqsadida ularning 10 nafarini elektroskuter hamda kiyim-kechaklar bilan ta’minladi.
Irrigatorlarga elektroskuterlar topshirish marosimida Amu-Surxon ITHB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari N.Xudoyberganov ishtirok etdi va uzog‘i bilan bir oy orasida yana boshqa hududlarda ishlayotgan kanal boshliqlari va suv nazoratchilari zamonaviy texnikalar bilan ta’minlanishini bildirdi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati


