SUV RESURSLARI HISOB-KITOBIDA ANIQLIKNI TA’MINLASH – ASOSIY MEZON
2024-11-05 09:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi “Suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi qarorida suv resurslaridan foydalanish va iste’mol qilish tartibini belgilash, har bir suv olish joylarini suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv olish joylarini suvning kundalik hisob jurnallari bilan ta’minlash, olingan va yetkazib berilgan suvlar uchun ikki tomonlama dalolatnomalar rasmiylashtirish hamda suv hisobi va hisobotini olib borishga doir dolzarb vazifalar belgilab berilgan.
2024-yilning 10 oyi davomida suv xo‘jaligi tizim tashkilotlari hisobidagi irrigatsiya tarmoqlarida joylashgan 17770 ta gidropostda joriy va kapital ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. 330 ta gidropostning pasportlari, 9653 ta gidropostning metrologik hujjatlari namunaviy shaklda rasmiylashtirildi. Gidrometr xodimlar tomonidan belgilangan rejaga asosan 14,1 mln. marta nazorat-kuzatuv va 476,1 ming marta nazorat-o‘lchov ishlari amalga oshirilib, gidropostlarning suv sarfi jadvallariga belgilangan tartibda tuzatishlar kiritib borildi.
Hisobot davrida tizim tashkilotlari tomonidan 557 ta suv o‘lchash vositasi tarirovka va qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazildi hamda 54 ta yangi suv o‘lchash vositasi, 99 ta gidrometrik shtanga va 4702 ta suv o‘lchash reykasi xarid qilindi.
Suv xo‘jaligi tizim tashkilotlarida jami 1543 nafar gidrometr xodimlar faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, shundan 293 nafari muhandis-gidrometrlar, 1246 nafari texnik-gidrometrlar hisoblanadi.
Muhandis-gidrometrlarning barchasi oliy ma’lumotli mutaxassislar bo‘lib, bundan tashqari texnik-gidrometr lavozimlariga 641 nafari oliy hamda 598 nafari o‘rta-maxsus ma’lumotli mutaxassislar ishga qabul qilingan.
Joriy yilning o‘zida, gidrometr lavozimlariga 270 nafar oliy ma’lumotli mutaxassislar ishga qabul qilinib, oliy ma’lumotli gidrometrlar soni 664 nafardan 934 nafarga yetkazildi.
Suv resurslarining hisob-kitobini aniq yuritish va gidrometriya xizmatini yanada yaxshilash maqsadida yil yakuniga qadar qo‘shimcha ravishda 4469 ta gidropostni ta’mirlash, 281 ta gidropostni attestatsiyadan o‘tkazish, 78 ta suv o‘lchash qurilmasini tarirovka ko‘rigidan o‘tkazish va 131 ta reyka sotib rejalashtirilgan.
Markaziy dispetcherlik
va suv balansi xizmati


