TRANSCHEGARAVIY SUV RESURSLARINI BOSHQARISH
2024-05-02 11:00:00 / Yangiliklar

Suv – ulug‘ ne’mat.
Hayotimiz farovonligi, bozorlarimiz to‘kinligi, butun olam tirikligi suvga bog‘liq.
Bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan suv masalalari bo‘yicha aloqalarni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasida, suvdan foydalanish bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhlar doirasida izchil rivojlantirmoqda. Oxirgi yillarda Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan o‘zaro hamkorlik va erishilayotgan kelishuvlar natijasida Sirdaryo va Amudaryo havzasida suv ta’minoti darajasini yaxshilash bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilyapti.
2024-yil 30-aprel kuni Turkmanobod shahrida Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.G‘aniyev hamda Turkmaniston tomonidan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining agrosanoat kompleksi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari T.Ataxalliyev boshchilik qildi.
Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro samimiy va do‘stona munosabatlari suv xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga keng yo‘l ochayotganligini alohida aytib o‘tildi.
Oqilona va uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan siyosat tufayli ikki davlat o‘rtasidagi transchegaraviy suv resurslarini boshqarish do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish ruhida amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Tomonlar Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining uchinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qildi. O‘zbekiston Respublikasining Turkmanistonda joylashgan suv xo‘jaligi obyektlarini xatlovdan o‘tkazish va “Tuyamo‘yin” gidrouzelining “Sultonsanjar” to‘g‘onida “suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish” loyihalarini jadallashtirishga kelishib olindi.
Gidrologik yil davomida (2023-yil 1-apreldan 2024-yil 30-martgacha) Amudaryoning suvlilik darajasi tahlil qilinib, tomonlarning mamlakatlar iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ta’minlash bo‘yicha keyingi harakatlari ko‘rib chiqildi.
Komissiya Amudaryoda suvni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish muhimligini qayd etdi.
Tomonlar xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘larini jalb etish orqali gidropostlarda suv hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va gidropostlarni tiklash bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Amudaryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, kanallar o‘zanlarini tekislash orqali suv resurslari yo‘qotilishini kamaytirish va suvning to‘siqsiz o‘tishini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Turkmaniston davlat suv xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish instituti va Turkmaniston davlat suv xo‘jaligi qo‘mitasining “Turmensuvilimtaslama” loyiha instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar suv toshqinlarining oldini olish
va qirg‘oqlarni mustahkamlash chora-tadbirlari bo‘yicha tajriba almashdilar, shuningdek, Amudaryo bo‘yida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarli vaziyatlarning oldini olish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tegishli takliflar bildirildi.
Ikki davlat institutlarining mutaxassislari navbatdagi uchrashuvgacha aniq masalalarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Yig‘ilish yakunida tegishli bayonnoma imzolandi.
Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo komissiyasining beshinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishildi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmat
