Qishloq xo‘jaligi yerlariga yer solig‘i hisoblanishi bo‘yicha ko‘p uchraydigan savollar
Savol: Qishloq xo‘jaligi yerlariga qanday tartibda yer solig‘i hisoblanadi?
Yer uchastkalarining qonunchilikka muvofiq aniqlangan normativ qiymati qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning soliq solish bazasi hisoblanadi.
(Soliq kodeksi 427-modda)
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun soliq stavkalari qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining normativ qiymatiga nisbatan 0,95% miqdorda belgilanadi.
(Soliq kodeksi 429-modda)
Savol: Soliq hisobotini taqdim etish va to‘lov muddatlari muddatlari qachon?
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliq hisoboti joriy soliq davrining
1-mayidan kechiktirmay taqdim etiladi. (Soliq kodeksi 431-modda)
To’lov muddatlari hisobot yilining 1-sentabriga qadar — yillik soliq summasining 30 % (foizi), 1-dekabriga qadar — soliqning qolgan summasi to‘lanadi.
Savol: Yer uchastkalarining normativ qiymati kim tomonidan baholanadi?
Qishloq xojaligi ekin maydonlarining normativ qiymati Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan aniqlanadi.
(VMQ-235-son 18.08.2014-yil)
Bunda qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ro‘yxati, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari va ularni hududiy joylashtirish sxemasi Kadastr agentligining tuman shahar bo‘limlari tomonidan xar yili O‘zdavyerloyiha institutiga taqdim etiladi.
Savol: Qanday toifadagi yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer hisoblanadi?
Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yoki ana shu maqsadga mo‘ljallangan yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlar, haydaladigan yerlar, pichanzorlar, yaylovlar, ko‘p yillik mevali dov-daraxtlar va tokzorlar egallagan yerlarga bo‘linadi. (Yer kodeksi 8-moddasi)
Savol: Korxonaning qishloq xo‘jaligi yerlari noqishloq toifadagi (53-kod) yerlar uchun taqdim etiladigan yer solig‘i hisobotida shakllanib qolganda nima qilish kerak?
Agar korxonaning barcha yer maydonlari qishloq xo‘jaligi toifasida bo‘lsa noqishloq (53-kod) toifadagi soliq hisobotini taqdim etish majburiyati yuzaga kelmaydi. Agar bir vaqtning o‘zida korxonaning qishloq va noqishloq toifadagi yer uchastkalari mavjud bo‘lsa, bunday holatda soliq organlarining my3.soliq.uz portali orqali “Alohida soliq stavkalari qo‘llaniladigan ko‘chmas mulk obyektlari va yer uchastkalari” interaktiv xizmatining “Qishloq xo‘jaligi maqsadida foydalaniladigan yer uchastkalari uchun” bo‘limi orqali soliq organlarini xabardor etish lozim.
Yuborilgan murojaatlar hududiy soliq boshqarmalarining ma’sul xodimlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Izoh: Murojaatga yer ajratish to‘g‘risidagi qaror va kadastr organlarining qishloq xo‘jaligi yer uchastkasi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotini ilova qilish lozim.
Savol: Korxonaning qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud bo‘lib, soliq hisobotlarida avtomat shakllanmagan holatda nima qilish kerak?
Agar korxonaning qishloq xo‘jaligi yerlari soliq hisobotida avtomat shakllanmagan bo‘lsa, yer uchastkalarining normativ qiymatlarini baholatish uchun “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga murojaat qilinadi.
Shuningdek, soliq hisobotining 020-satrida soliq to‘lovchi tomonidan ma’lumotlarni mustaqil kiritish imkoniyati yaratilgan.
Bunda yer uchastkasining normativ qiymatiga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining tuman (shahar) bo‘yicha aniqlangan o‘rtacha normativ qiymat qo‘yiladi.
Savol: Soliq kodeksining 429-moddasiga kiritilgan o‘zgarishga asosan, qishloq xo‘jaligi korxonalari balansida bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlashda foydalaniladigan binolar va inshootlar joylashgan yerlar soliq stavkalariga nisbatan 0,2 koeffitsiyent qanday qo‘llaniladi?
Mazkur toifadagi yer uchastkalariga 0.2 kamaytiruvchi koeffitsiyantlar soliq hisobotida avromatlashtirilgan holda hisob-kitob qilinadi. Bunda yer uchastkalari Kadastr agentligining “Uzkad” tizimida ro‘yxatga olingan bo‘lishi, asosiy faoliyat turi qishloq xo‘jaligi va yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari ham qishloq xo’jaligi bo’lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi PF-198-son Farmonida, Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi (UZKAD tizimi) ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlar yuritiladigan, ma’lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi etib belgilangan.
Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari va kapital qurilish ob’ektlarining yagona klassifikatori “Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 sentyabrdagi 614-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan.
Savol: Korxonaning soliq imtiyozi qabul qilingan lekin soliq hisobotida aks etmagan bunday vaziyatda nima qilishi kerak?
Korxonaning soliq imtiyozini hisobotda aks ettirish uchun hisobotining 9-ustunidagi ko‘k rangdagi kerakli ustunlarni mustaqil to‘ldirish zarur bo‘ladi.
