Qonunining mazmun-mohiyati
2026-10-22 18:05:00 / Yangiliklar
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonunining mazmun-mohiyati
So‘ngi yillarda mamlakatimizda bolalarni, ayniqsa, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan bu borada O‘zbekiston Respublikasining 2026 yil
14 oktyabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1180-sonli Qonuni bilan bir qator qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, shu jumladan jinsiy zo‘ravonlik, shuningdek bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoiy qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan yangi majburlov choralarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga voyaga yetmaganlar uchun qo‘shimcha prosessual kafolatlarni belgilashga, shu jumladan voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha vasiylik va homiylik organlari vakillarining ishtirokini ta’minlashga, qonuniy vakillarning ishtirok etishiga va ularni almashtirishga hamda voyaga yetmaganlar ishtirokida ayrim prosessual harakatlarni o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmaganlik va ularni tarbiyalash hamda ularga ta’lim berish jarayonida zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, aniqlangan huquqbuzarliklar haqidagi axborotni taqdim etmaganlik, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorlarini ijro etmaganlik, shuningdek bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining
161-moddasi ikinchi qismi 51-band bilan to‘ldirilib, bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkinligi belgilandi.
Ushbu normaning mehnat kodeksiga kiritilishi bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning mazkur ta’lim va tarbiya muassasalarida keyingi mehnat faoliyatini davom ettira olmasligini belgilamoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilish, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga, ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha tashkilotlarning va boshqa sohalardagi tashkilotlarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qilib, bolalarga nisbatan har qanday tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olishni kafolatlaydi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Sariosiyo tumanlararo sudi sudyasi B.X.Djurayev
