Uzun tumani prokurori Botir Boymurovning tuman aholisiga murojaati
2026-05-05 18:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Uzun tumani prokurori Botir Boymurovning tuman aholisiga murojaati
Assalomu alaykum, hurmatli Uzun tumani fuqarolari!
So‘nggi yillarda aholi, ayniqsa yoshlar hamda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, bir so‘z bilan aytganda, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ilm-fan va sport sohalarida yuksak natijalarga erishayotgan, nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda tanilayotgan o‘quvchi-yoshlarimiz hamda ibratli qizlarimiz borligi, albatta, quvonarlidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan yetuk, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq va qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yaratilgan shart-sharoitlardan ko‘plab yoshlar unumli foydalanib, avvalo o‘z oilasi va yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Shunga qaramay, ayrim yoshlar noto‘g‘ri yo‘lga kirib, jinoyat sodir etayotgan holatlar ham uchramoqda.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Shu sababli, berilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish orqali yanada ijobiy natijalarga erishishimiz zarur.
Xabaringiz bor, mas’ul idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda jinoyatlarning oldini olish hamda tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida kuchaytirilgan ish tartibi joriy etilgan.
Bu esa jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, har bir jinoyat uchun jazo muqarrarligini ta’minlash hamda jinoyat sodir etgan shaxslarni qisqa muddatlarda aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda bundan buyon ham:
* jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan manzilli profilaktik tadbirlar kuchaytiriladi;
* sodir etilgan jinoyatlar har kuni tezkor tahlil qilinadi;
* kunlik so‘rov va nazorat tizimi izchil davom ettiriladi.
Aziz Uzun tumani fuqarolari!
Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika samaradorligini oshirishda mahalla ahli, ta’lim-tarbiya tizimi vakillari, umuman, har bir fuqaroning amaliy yordami va hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, mahallalarimizni jinoyatdan holi, tinch va xavfsiz hududga aylantirish yo‘lida har birimiz o‘z hissamizni qo‘shib, birgalikda harakat qilsak, ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Kelinglar, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvorligi va adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
