Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga matbuot kotibi tayinlandi
2026-03-11 10:30:00 / Yangiliklar

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) direktorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga Nazarov Аkmal Narimanovich tayinlandi. Tayinlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bilan kelishilgan holda amalga oshirildi.
А.N. Nazarov 2004-yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti bakalavriat bosqichini, 2007-yilda O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakulteti Jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlagan.
U faoliyatini 2004-yilda O‘zbekiston Milliy axborot agentligida sharhlovchi lavozimida boshlab, keyinchalik “Poytaxt FM” radiosida yangiliklar muharriri, “Bank axborotnomasi” gazetasi muxbiri, bosh muharriri, “Bozor, pul va kredit” jurnali Innovatsiyalar bo‘limi muharriri, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2018-2019-yillarda Davlat soliq qo‘mitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boshqarmasida katta inspektor, bosh inspektor bo‘lib faoliyat yuritgan.
Tayinlovga qadar А.N. Nazarov 2020-yildan 2025-yilning may oyiga qadar Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori, 2025-yilning may oyidan O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining matbuot kotibi sifatida ishlab kelgan.
