Toshkentda Space Technology Conference –2026 xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi
2026-03-10 12:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi mezbonligida Toshkentda 30-martdan
1-aprelgacha “Space Technology Conference – Central Eurasia 2026” (STC 2026) xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi. Bu tadbir Markaziy Yevroosiyo hududidagi kosmik texnologiyalar tarmog‘ining eng yirik muloqot platformasi hisoblanadi.
Ushbu konferensiyaning bu yil 5 yillik yubileyi bo‘lib, 2022-2023-yillarda Toshkentda, 2024-yilda Anqarada, 2025-yilda esa Boku shahrida o‘tkazilgan. Bu yil O‘zbekiston yana mezbon davlat sifatida anjumanni qabul qilmoqda. Mazkur tadbir mintaqadagi kosmik hamkorlik va sanoat integratsiyasining mustahkamlanish belgisi hisoblanadi.
“STC 2026” nafaqat Markaziy Yevroosiyo hududining, balki butun dunyo bo‘ylab kosmik texnologiyalar sohasidagi asosiy ishtirokchilar — kosmik agentliklar, kompaniyalar, ilmiy markazlar va investorlarni bir joyga jamlaydi. Ushbu platforma orqali global kosmik hamkorlikni kengaytirish, ilg’or tajriba almashish va yangi biznes ko‘priklarini barpo etish uchun qulay sharoit yaratiladi.
Markaziy Yevroosiyo davlatlari o‘rtasidagi kosmik integratsiyani kuchaytirish va resurslarni birgalikda ishlatish — konferensiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Bu mintaqada kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldosh tizimlari, yerni masofadan zondlash, sun’iy yo‘ldoshli aloqa va kosmik monitoring bo‘yicha strategik hamkorlik o‘sib borayotganidan dalolat beradi.
Ushbu konferensiya O‘zbekistonni Markaziy Yevroosiyo kosmik texnologiyalarining yetakchi markaziga aylantirishga xizmat qiladi. “O‘zbekkosmos” agentligi bu orqali o‘zining 2030-yilgacha bo‘lgan kosmik sohani rivojlantirish strategiyasini xalqaro hamjamiyatga namoyish etadi hamda investorlar va texnologik hamkorlar uchun O‘zbekistonni jozibador bozor sifatida tanitadi.
Tadbirda 40 dan ortiq mamlakatdan 400 dan ziyod delegat va 150 dan ziyod tashkilot vakillari ishtirok etishi kutilmoqda bu esa konferensiyaning global ahamiyatini yanada oshiradi.
“STC 2026” konferensiya dasturi juda boy va turli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Xususan, yalpi sessiyalar va ma’ruzalarda “Shaping the future of space in Central Eurasia” — mintaqaning kosmik strategiyasi va istiqbollari haqida muhokamalar olib borilsa, Roundtables’da har bir ishtirokchi mamlakatning kosmik strategiyasi bo‘yicha so‘z boradi.
Bu yilgi STC 2026’ning ahamiyati nechog’lik muhim?
Mazkur platforma orqali global hamkorlikni kuchaytirish imkoniyati paydo bo’ladi. Markaziy Yevroosiyo davlatlarining kosmik texnologiya bo‘yicha strategiyalari xalqaro maydonda tanitiladi. Yangi biznes aloqalariga yo‘l ochilib, xalqaro kompaniyalar, investorlar va agentliklar bilan bevosita muloqot imkoniyatlari yaratiladi.
“O‘zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati
