Fransiyada o‘tadigan xalqaro xakatonda O’zbekistondan ishtirok etadigan jamoa nomi ma’lum bo‘ldi
2026-02-02 19:00:00 / Yangiliklar

Yoshlar o‘rtasida muhandislik, kosmik texnologiyalar bilan ishlash va AT sohasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish maqsadida Fransiya kosmik agentligi (CNES), “O‘zbekkosmos” agentligi hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida ActInSpace xalqaro xakatoni tashkil etildi.
Unda O‘zbekistonning turli hududlaridan 100 nafardan ziyod iqtidorli yoshlar ishtirok etishdi. Ular 2 kun davomida professional mentorlar ko‘magida real kosmik masalalar asosida jamoa bo‘lib ishlab, qisqa muddat ichida innovatsion yechimlarni ishlab chiqishdi.
ActInSpace – bu kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldoshlar, aerokosmik muammolar va innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan xalqaro xakaton bo‘lib, uning asosiy maqsadi yoshlar orasida kosmik sohada innovatsion fikrlashni rivojlantirish, startap g’oyalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli talabalarni amaliy loyihalarga jalb etishdan iborat.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, 3-o‘ringa “Yggdrasil” nomi ostidagi jamoa loyiq topildi. Ular ClearSat-L – fazodagi chiqindilarni faol ravishda yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan 3U nanosun’iy yo‘ldoshi loyihasini taqdim etishdi. U old qismiga o‘rnatilgan ultrabinafsha lazer yordamida kosmik chiqindilar yuzasini ablatsiya qiladi va ularning orbital tezligini kamaytiradi. Sun’iy yo‘ldosh reaksion g‘ildiraklar orqali barqarorlashtiriladi va elektr dvigatellar (thrusterlar) bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Yon tomonlari va pastki qismida joylashgan quyosh panellari esa energiya bilan ta’minlaydi. Bortdagi sun’iy intellekt va lidar tizimi kosmik chiqindilarni real vaqt rejimida aniqlash va kuzatishga yordam beradi. Yoyiluvchi antenna uzluksiz aloqa imkonini ta’minlaydi, barcha komponentlar esa past Yer orbitasida ixcham va energiya tejamkor ishlash uchun joylashtirilgan.
Ikkinchi o‘rin “French Gambit” jamoasi yoshlariga nasib etdi. Ularning loyihalari AutoDock AI – aqlli markaz (smart hub) bo‘lib, foydali yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan. Bunda inson omilisiz maxsus laboratoriyalar orqali ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullaniladi. Robot-manipulyator ishini nazorat qilish uchun atigi 1 nafar mutaxassis yetarli bo‘ladi.
Faxrli birinchi o‘rinni esa “NazarX” jamoasi vakillari egallashdi. Ular magnitli ulanishlarga ega, bir-biriga osongina bog‘lanadigan modullardan tashkil topgan sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalash uchun mo‘ljallangan platformani ishlab chiqishdi. Bu loyiha sun’iy yo‘ldoshlarni huddi LEGO konstruktori kabi yerda yoki orbitada yig‘ish, yangilash va ta’mirlash imkonini beradi.
Birinchilikni egallagan “NazarX” jamoasi mazkur xakatonning Fransiyada o‘tadigan final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Qolgan sovrindor jamoalar esa “O‘zbekkosmos” agentligida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Mazkur tadbir O‘zbekistonda kosmik texnologiyalar sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, yoshlarning ilmiy-texnik ijodkorligini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.









