O‘rmon agentligi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi. O‘rmon agentligi o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xorijiy va xalqaro hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
O‘rmon boyliklarini har tomonlama kengaytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan o‘rmon xo‘jaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish;
O‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularga rioya etilishini amaliy nazorat qilish;
O‘rmon fondini samarali boshqarishni tashkil etish, o‘rmon barpo etish, ularni tiklash, qayta tiklash, qo‘riqlash, muhofaza qilish, o‘rmonlardan oqilona va tejamli foydalanish;
Barcha o‘rmonlarning davlat hisobini hamda davlat o‘rmon kadastrini tuzish va yuritish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, ko‘chatchilikni rivojlantirish, daraxt va buta ko‘chatlari pitomniklarini ko‘paytirishni tashkil etish;
Cho‘llanishga qarshi kurashish tadbirlarini tashkillashtirish va amalga oshirish;
O‘rmon fondini, fauna va florasini o‘rganish hamda ularning qat’iy hisobini yuritish, o‘rmon xo‘jaligini yuritish amaliyotiga fan yutuqlari va ilg‘or tajribani joriy etish;
O‘rmonlarni yong‘inlardan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va boshqa o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlaridan muhofaza qilish;
Manzarali daraxt va buta urug‘chiligi hamda ko‘chat yetishtirish tizimini rivojlantirish, ko‘chatchilikda “in-vitro” laboratoriyalarini keng joriy etish, manzarali daraxt va buta urug‘lari hamda ko‘chatlarini sertifikatlashtirish hamda standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish;
O‘rmon xo‘jaliklarida ijara munosabatlarini tartibga solish, hisobini yuritish;
O‘rmon fondining foydalanilmayotgan yerlarining jismoniy va yuridik shaxslarga investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilishini muvofiqlashtirish.