O‘zbekistonda o‘rmon barpo etish va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha tizimli ishlar davom etmoqda
2025-04-25 18:20:00 / Yangiliklar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik muammolarning oldini olish, iqlim o‘zgarishlarining oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Ushbu o‘rmon-meliorativ tadbirlari Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Ekologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2018-2024 yillar davomida 1 mln 865 ming gektar maydonda cho‘l o‘simliklarining urug‘i va ko‘chatidan “yashil qoplamalar” barpo etildi.
Mazkur himoya o‘rmonzorlarining 1 mln 783 ming gektari cho‘l o‘simliklarining urug‘idan, 82 ming 397 gektari cho‘l o‘simliklarining ko‘chatidan barpo etilgan.
Bu tadbirlar uchun qariyb 7 yarim ming tonna saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘arildi. Yiliga 100 gektardan kam bo‘lmagan maydonda saksovul niholxonalari tashkil etildi.
Har yili o‘rtacha 1000 ta gacha texnika va mexanizmlar, samalyot va motodeltaplan jalb etildi.
Joriy yil 1-choragi davomida jami 126 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Shundan, 124 ming gektardan ziyodi Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlariga, 1,5 ming gektari boshqa cho‘l hududlarga to‘g‘ri keladi.
18 ta o‘rmon xo‘jaliklari ko‘chatchilikka ixtisoslashtirildi. O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 350 gektardan oshiq maydonda niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etildi.
Shuningdek, tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va butalar turlaridan yopiq ildizli konteynerlarda ko‘chatlar yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 378 ming dona nihol-ko‘chatlar maxsus idishlarga (konteyner, yashik va h.) ekilib parvarishlanmoqda.
Keyingi yillarda O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali ishlar olib borilmoqda. Jumladan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan birgalikda "Tanazzulga uchragan o‘rmonlar va boshqa yerlarni qayta tiklash" loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Jondor davlat o‘rmon xo‘jaligida 45 ga maydonda o‘rmonlar barpo qilindi.
BMTning Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda ko‘llar, suv-botqoq yerlari va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash, boshqarish va tiklashga qaratilgan loyiha olib borilmoqda.
Xitoyning Shinjon ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda mamlakatimizning cho‘l hududlarida sho‘rlanishga chidamli galofit o‘simlik turlari ekish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizning 5 ta hududi – Arnasoy, Muborak, Qorako‘l, Karmana hamda Nukus tumanlarida galofit bog‘lari tashkil qilish uchun 10 gektardan yer maydonlari ajratilgan. Hozirda loyihalashtirish jarayonlari davom ettirilmoqda.
Ahamiyatlisi, cho‘l va yarim cho‘l hududlarda galofit o‘simliklar ekilishi natijasida tuproq eroziyasi va sho‘rlanish darajasi kamayadi va ekologik barqarorlikni ta’minlashga erishiladi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan 2025 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmonida belgilangan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimizda o‘rmonlar hududini kengaytirish, yashillik darajasini oshirish va cho‘llanishning oldini olish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilab olingan.
