O‘rmon mahsulotlarini yetishtirishda xalqaro hamkorlik yanada kengaytiriladi
2026-10-15 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, FAOning o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassisi Soyeon Jin xonim, Yevropa iqtisodiy komissiyasining O‘rmonlar va bioiqtisodiyot bo‘limi rahbari Liliana Annovazzi Jakab, Jahon banki ekspertlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Seminarda o‘rmon xo‘jaligi yerlarida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishini samarali yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agroo‘rmonchilikni rivojlantirish hamda asalarichilik sohasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda so‘z olgan Erkin Muhiddinov o‘rmonlarda dorivor o‘simliklar yetishtirish ishlarining samaradorligini oshirish, mintaqada cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish hamda mahalliy aholi uchun ushbu yo‘nalishda daromad va bandlik imkoniyatlarini yaratish zarur ekanligini alohida ta’kidladi.
“Mamlakatimizda davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan o‘rmon xojaligi sohasida bir qancha islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan agroo‘rmonchilikni rivojlantirish, yangi pista plantatsiyalari tashkil etish, cho‘l iqtisodiyotini keng yo‘lga qo‘yish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda”, - dedi E. Muhiddinov.
Ahamiyatlisi, mazkur nufuzli tadbir mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlash, eko-iqtisodiyotni rivojlantirish, o‘rmon mahsulotlarini keng hajmda yetishtirish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.




