Prezident nutqining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
2026-10-07 16:35:00 / Yangiliklar

Unda Agentlik mas’ullari, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi ekspertlari hamda hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezident nutqida barcha sohalar, xususan, atrof-muhitni muhofaza qilish, mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish hamda yangi o‘rmonlar barpo etishga alohida e’tibor qaratilganligi alohida ta’kidlandi.
"Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu umummilliy marraga aylanadi. Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz", – deyiladi nutqda.
Shuningdek, mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yayotganligi, kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘lishi, bunda tabiatga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tgan tadbirda Respublika ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori Eshmurod Raximov yurtimizda davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimizning boy tarixi hamda ajdodlarning bugungi avlodlarga qoldirgan merosi haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligi 1991-yilda paydo bo‘lmaganligi, aksincha, istiqlol ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari va qadimiy sivilizatsiya tarixiga ega ekanligi e’tirof etildi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida yashab o‘tgan buyuk allomalar hamda Sohibqiron Amir Temurning adolat va bunyodkorlikka asoslangan davlatchilik roli yod etildi. Qolaversa, mustaqillik xalqimizga o‘z shon-sharafi, muqaddas dini, ona tili va milliy qadriyatlarini qaytarib berganligi ta’kidlandi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li xalqimizning birdamligi, mehnati va bunyodkorlik salohiyati bilan bog‘liq ulkan yutuqlarni namoyon etdi.
Endi mamlakat oldida ta’lim, sog‘liqni saqlash, yuqori texnologiyalar, iqtisodiyot, ekologiya va suv resurslarini asrash, qonun ustuvorligi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi strategik vazifalar turibdi.
Kelgusi davrda ham inson qadri, xalq farovonligi va milliy taraqqiyot ustuvor yo‘nalish bo‘lib, O‘zbekiston yanada kuchli, obod, tinch va farovon davlat sifatida rivojlanadi.





