Cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha Xitoy tajribasi o‘rganildi
2026-09-11 17:00:00 / Yangiliklar

Unda Xitoy davlat o‘rmon va yaylov xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi mas’ullari hamda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Ninshya Xuy avtonom rayonida cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, o‘rmon va yaylovlarni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda qum ko‘chishining oldini olish sohalarida amalga oshirilgan ilg‘or tajribalar o‘rganildi.
Seminar davomida xitoylik mutaxassislar tomonidan qumli va qurg‘oqchil hududlarda yashil qoplamalar barpo etish, suvdan tejab foydalanish, o‘rmonlarni muhofaza qilish hamda tuproq eroziyasining oldini olish bo‘yicha amaliy yondashuvlar taqdim etildi.
Bir haftalik tadbir doirasida Ninshya vinochilik va cho‘llanishga qarshi kurashish kasb-hunar kollejida malaka oshirish kursining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda mazkur kollejning ta’lim dasturi, o‘quv va amaliy faoliyati hamda mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlari o‘rganildi.
Shuningdek, Xitoyning Yinchuan shahrida tashkil etilgan “Volson” suv tejovchi sug‘orish kompaniyasi faoliyati bilan tanishildi. Unda suv resurslaridan samarali foydalanish, tomchilatib va aniq me’yorda sug‘orish, suvni taqsimlash, boshqarish hamda sarfini kamaytirishga qaratilgan texnologiyalar amaliyoti ko‘rib chiqildi.
Cho‘llanishga qarshi kurashish, qum bo‘ronlarining oldini olish, yaylovlarni qayta tiklash hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ma’ruzalar ham tinglandi. Galofit o‘simliklari yordamida qumli yerlardan samarali foydalanish, qurg‘oqchil hududlarda daraxt va buta o‘simliklarini ilmiy asosda ekish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, ushbu seminar-trening tadbirlari mintaqada eko tizimlarni qayta tiklash, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish hamda atmosfera havosining musaffoligini ta’minlashga xizmat qiladi.







