“Green University”da o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha innovatsion laboratoriyalar ochildi
2026-09-07 10:10:00 / Yangiliklar
O‘rmon va manzarali daraxtlarning “In-Vitro” laboratoriyasi o‘simlik to‘qimalari va organlari madaniyati asosida yuqori sifatli, steril hamda viruslardan xoli ko‘chat materiallarini olish, ularni mikroko‘paytirish, genetik jihatdan qimmatli o‘simliklar genofondini saqlash, shuningdek, biotexnologik tadqiqotlar olib borish uchun tashkil etilgan zamonaviy ilmiy muassasadir.
Laboratoriya tadqiqot va ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq ta’minlash imkonini beruvchi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Uni tashkil etishning asosiy maqsadlari — o‘simlik to‘qimalari va organlari madaniyatini rivojlantirish, mikroko‘paytirish usuli orqali yuqori sifatli ko‘chat materiallarini olish, viruslardan xoli va fitosanitariya jihatidan sog‘lom ko‘chatlar yetishtirish, genofond kolleksiyalarini saqlash va boyitish, somatik embriogenez hamda organogenez texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, biotexnologik tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqishdan iborat.
Laboratoriyaning asosiy vazifalariga steril oziqa muhitlarini tayyorlash va ularning sifatini nazorat qilish, eksplantlarni tanlash, yuvish va sterilizatsiya qilish, in vitro sharoitida o‘simliklarni kultivatsiya qilish va mikroko‘paytirish, ildiz hosil qilish va o‘sishni rag‘batlantirish, issiqxona sharoitlariga moslashtirish va adaptatsiya qilish, viruslardan xoli ko‘chat materiallarini olish hamda fitosanitariya nazoratini o‘tkkazish kiradi. Shuningdek, genetik xilma-xillikni saqlash va kolleksiyalar yaratish, ilmiy tadqiqotlar, tajribalar va innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish, olingan natijalarni tahlil qilish hamda ularni amaliyotga joriy etish ham laboratoriyaning muhim vazifalaridandir.
Laboratoriyada sog‘lom va yosh o‘simlik materiali tanlab olinadi va u yuzaki sterilizatsiyadan o‘tkaziladi, ya’ni steril sharoitda tozalanadi. So‘ngra material oziqa muhitiga ekiladi va inkubatsiyaga joylashtiriladi. Oziq moddalar va gormonlarning muayyan nisbatlari yordamida novdalar ko‘paytiriladi. Ildiz tizimini shakllantirish uchun o‘simliklar maxsus oziqa muhitida yetishtiriladi. Shundan so‘ng akklimatizatsiya bosqichi — o‘simliklarni tashqi sharoitlarga moslashtirish jarayoni amalga oshiriladi. Yakuniy bosqichda esa sog‘lom ko‘chatlar issiqxonaga ko‘chiriladi.
Mazkur laboratoriya yuqori sifatli, viruslardan xoli ko‘chat materiallarini olishga, qisqa muddatda ko‘p miqdorda ko‘chat yetishtirishga, genetik jihatdan barqaror va qimmatli navlarni saqlashga, fitosanitariya jihatidan sog‘lom plantatsiyalar yaratishga, biotexnologik innovatsiyalarni amaliyotga joriy etishga, shuningdek, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘rmon va manzarali o‘simliklar innovatsion laboratoriyasi bir nechta laboratoriyalarni birlashtiradi. Bu yerda yuqori sifatli yog‘och beruvchi tez o‘sadigan va qimmatli daraxt turlarini seleksiya qilish, shuningdek, yong‘oqmevali daraxtlar va butalarni seleksiya qilish, urug‘chilik hamda ko‘chat materiallarini yetishtirish sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
O‘rmon xo‘jaligi va unga yaqin yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar va ilmiy ishlanmalar tayyorlanadi. Bundan tashqari, laboratoriyada tuproqdagi gumus miqdori, asosiy oziqa elementlarining umumiy va harakatchan shakllari — NPK: N-NO₃, N-NH₄, P₂O₅, K₂Oaniqlanadi. Tuproq namligi, uning mexanik tarkibi va tuzilishi, shuningdek, sho‘rlanish darajasi o‘rganiladi.
O‘rmon xo‘jaliklari tuproqlarining monitoringi olib boriladi, ko‘chatxona tuproqlarining oziqa elementlari bilan ta’minlanganlik darajasi aniqlanadi, o‘g‘itlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi, tuproq degradatsiyasi va eroziyasining oldini olish uchun agrotexnik hamda o‘rmon-meliorativ usullar joriy etiladi. Bu esa o‘rmon xo‘jaligi tuproqlarining unumdorligini monitoring qilish orqali ularning ekologik holatini baholashga, tuproq unumdorligini oshirishga hamda o‘rmon ekotizimlari holatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, laboratoriyada o‘rmon, manzarali va cho‘l o‘simliklari urug‘larining laboratoriya tahlili o‘tkaziladi. Urug‘larning unuvchanligi, tozaligi, namligi va ekishga yaroqliligi aniqlanadi, standart talablariga muvofiq urug‘lik materialini baholash va sertifikatlash ishlari amalga oshiriladi. Urug‘larni saralash, tozalash, quritish va saqlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi, ularni saqlash va qayta ishlash texnologiyalari takomillashtiriladi, ilmiy tadqiqotlar olib boriladi, yangi usul va texnologiyalar joriy etiladi, ilmiy kadrlar tayyorlanadi va yosh tadqiqotchilar qo‘llab-quvvatlanadi, shuningdek, xalqaro hamkorlik rivojlantiriladi.
Bu yerda qayin va ignabargli daraxtlar, manzarali daraxtlar, butalar, cho‘l o‘simliklari, dorivor o‘simliklar, gazon va tuproqni qoplovchi o‘simliklar, subtropik va noyob o‘simliklar, shuningdek, boshqa turdagi o‘simliklar urug‘lari tahlil qilinadi. Natijada yuqori sifatli urug‘lik materiali shakllantiriladi, urug‘larning unuvchanligi va sifat ko‘rsatkichlari aniq belgilanadi, o‘rmon xo‘jaliklari sifatli urug‘lar bilan ta’minlanadi, urug‘larning saqlanish muddati uzaytiriladi va yo‘qotishlar kamaytiriladi.
Urug‘chilik bo‘yicha ilmiy maqolalar, qo‘llanmalar va tavsiyalar tayyorlanadi, laboratoriya tahlilining zamonaviy usullari joriy etiladi, ilmiy ishlanmalar amaliyotga tatbiq etiladi. Bu esa soha samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, o‘rmon, manzarali va cho‘l o‘simliklarining genofondi saqlanadi va rivojlantiriladi.
