O‘rmon xo‘jaligi sohasida muhim kelishuvlarga erishildi
2026-08-28 10:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, UNCCD COP17 doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan Shvetsiyaning nufuzli BCC kompaniyasi bilan o‘rmonlarni qayta tiklash modeli bo‘yicha tajriba almashish, ushbu modelni o‘rganish va joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shvetsiyalik hamkorlar o‘zbekistonlik o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari va loyihachilarini tajriba oshirish maqsadida o‘z mamlakatlariga taklif etishdi.
Agentlik tomonidan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda mamlakatimizda o‘rmon xo‘jaliklari yaqinidagi mahallalarda issiqxonalar barpo etish hamda aholi xonadonlarida ko‘chat yetishtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, olis mahallalarda yomg‘ir va yer osti suvlarini yig‘ish va saqlash uchun mahalliy yerosti inshootlarini qurish loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Mongoliyada koreys kompaniyalari grantlari hisobidan 3 ming gektar maydonga ignabargli daraxtlar ekish loyihasini amalga oshirgan Koreyaning Peace Forest Work kompaniyasi bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Muloqotlar davomida xuddi shunday loyihani birgalikda ishlab chiqishga kelishildi.




