O‘rmon xo‘jaligi sohasi faxriysi yod etildi
2026-08-19 16:25:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Ekologiya qo‘mitasi va agentlik mutasaddilari, xalqaro ekspertlar, tizim tashkilotlari mas’ullari, soha olimlari, uning oila a’zolari va qarindoshlari, mehnat faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov kirish so‘zi bilan ochib, marhum Xojimurod Talipovning ko‘p yillik samarali faoliyati, sohani rivojlantirish, cho‘llanish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda sohaga innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha olib borgan mehnatlarini alohida e’tirof etdi.
“Marhum Xojimurod Mirazimovich respublikaning o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini oshirish, o‘rmon yerlaridan oqilona foydalanish va bioxilma-xillikni saqlash tadbirlariga munosib hissa qo‘shgan, sohaning bugungi kundagi yetuk kadrlariga ustozlik qilgan mehribon ustoz edilar, – dedi E.Muhiddinov. – Uning ezgu amallari bugungi yoshlar uchun chinakam ibrat namunasidir.”
Shundan so‘ng o‘rmon xo‘jaligi sohasi bilimdoni X.Talipov xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Tadbirda so‘z olganlar chinakam fidoyi inson Xojimurod Talipovning chin insoniy fazilatlari, respublikada yashillik darajasini oshirish, yangi o‘rmonlar barpo etish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha qilgan xayrli ishlarini yodga oldilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova ijro etgan chin insoniy fazilatlarni tarannum etuvchi qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, X.Talipov BMT Taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamg‘arma, Biologik xilma-xillik konvensiyasi va Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi doirasidagi xalqaro loyihalarda faol ishtirok etgan. Jumladan, u Bioversity International – UNEP-GEFning “Markaziy Osiyo sharoitida agrobioxilma-xillikni saqlash va undan foydalanish” loyihasining O‘zbekiston komponenti bo‘yicha milliy koordinatori bo‘lgan. Shuningdek, Orol dengizi havzasi landshaftlarini tiklash, qurg‘oqchil yerlardan barqaror foydalanish, tog‘ hududlarida o‘rmon va tabiiy resurslarni barqaror boshqarish hamda “Yashil makon” tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarda bevosita ishtirok etgan.
Ushbu loyihalar doirasida o‘rmon yerlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan 15 ta ilmiy-amaliy tavsiya amaliyotga joriy etilgan.
Olim tomonidan 100 dan ortiq ilmiy maqola, amaliy qo‘llanma va tavsiyalar tayyorlangan. U “O‘zbekistonning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida o‘rmonzorlar barpo etish asoslari” nomli ilmiy-amaliy kitob muallifi bo‘lib, 2022-yilda nashr etilgan mazkur kitobdan bugungi kunda ham o‘rmonzorlar barpo etish ishlarida foydalanib kelinmoqda.







