O‘zbekistonda zamonaviy intensiv usulda ko‘chat yetishtirish tadbirlari yanada kengaytiriladi
2026-08-12 14:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rais o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, agentlik mas’ullari, tizim tashkilotlari va hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Baliqchi o‘rmon bo‘limi hududida joriy yil may oyida foydalanishga topshirilgan yangi zamonaviy ko‘chatxona faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Koreyaning zamonaviy ilg‘or texnologiyalari bilan jihozlangan ushbu ko‘chatxonaning umumiy yer maydoni 5 yarim gektardan iborat. Bugun bu yerda qariyb 40 xil turdagi daraxt va buta ko‘chatlari hamda dorivor o‘simliklar intensiv usulda parvarish qilinmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, ko‘chat yetishtirishda ushbu zamonaviy usullarning bir qancha o‘ziga xos afzalliklari mavjud.
Birinchidan, ko‘chatlar yerda emas, urug‘idan maxsus kichik idishlarda issiqxona sharoitida zamonaviy texnologiyalar tizimi yordamida parvarish qilinishi sababli tez muddatlarda o‘sib tayyor bo‘ladi. Natijada vaqt, energiya va xarajatlar tejalishiga erishiladi.
Ikkinchidan, bu ilg‘or tizim ko‘magida xorijdan keltirilgan o‘simliklar urug‘larining mamlakatimiz iqlim sharoitiga moslashuvchanligi ta’minlanadi. Natijada bunday muhitda yetishtiriladigan ko‘chatlarning ko‘karuvchanlik darajasi ham sezilarli ortadi.
Seminarni Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov kirish so‘zi bilan ochib, so‘nggi yillarda Davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda yashillik darajasini oshirish, yangi o‘rmonlar barpo etish orqali ekologiya va atrof-muhitni tizimli muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
"Zamonaviy ko‘chatxona deganda biz endi oddiy ko‘chat yetishtiriladigan maydonni emas, balki seleksiya, urug‘chilik, ilmiy yondashuv, avtomatlashtirilgan sug‘orish, konteyner texnologiyasi, fitosanitar nazorat, mikroklimatni boshqarish va yuqori samarador ishlab chiqarish jarayonlari birlashgan zamonaviy agrotexnologik majmuani tushunamiz, - dedi E.Muhiddinov. - Bugun Andijonda tashkil etilgan mazkur zamonaviy ko‘chatxona ana shunday yondashuvning amaliy natijasidir.
Bu yerda qurilgan har bir infratuzilma obyekti, joriy etilgan har bir texnologiya va yo‘lga qo‘yilgan har bir agrotexnik jarayon bitta maqsadga — yuqori sifatli, standart talablarga javob beradigan hamda yuqori yashovchanlik xususiyatiga ega ko‘chatlarni yetishtirishga xizmat qiladi."
Tadbirda so‘z olgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rais o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov mamlakatimizda keyingi yillarda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatish, cho‘llanishga qarshi kurashish, biologik xilma-xillikni asrash hamda yashil maydonlarni kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganligini alohida e’tirof etdi.
"Bugungi asosiy maqsad va vazifamiz esa Andijon va boshqa ilg‘or o‘rmon xo‘jaliklarida amalga oshirilayotgan xayrli tadbirlarni boshqa barcha hududlarda keng joriy etish, sohani “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida tizimli rivojlantirishdan iborat dedi, - J.Kazbekov. - Muhimi, bunday ko‘chatxonalar mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash, himoya o‘rmonzorlari barpo etish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, shahar va qishloqlarda yashil hududlarni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi."
Seminarda ishtirokchilar qiziqtirgan savollariga mas’ullar va ekspertlardan batafsil javoblar olishdi.
Tadbir davomida bir guruh andijonlik o‘rmon xo‘jaligi ishchi-xodimlariga tashkilotchilarning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Yakunda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan maqsad va vazifalar belgilab olindi.









