Ekologik himoya to‘sig‘ini barpo etish bo‘yicha Xitoy tajribasi taqdim etildi
2026-07-22 15:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Ichki Mo‘g‘uliston avtonom rayoni Partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Shi Guanhuey, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda cho‘llanishning oldini olish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash, hududlarda yashillik darajasini oshirish hamda yangi o‘rmonlar barpo etish va qayta tiklash borasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston hududida cho‘llanishga qarshi kurashish borasida erishilgan natijalarni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi. Unda hududlarda cho‘llanishning oldini olish, degradatsiya uchragan yerlarni qayta tiklash, sho‘rlangan yerlarni melioratsiya qilish, ekologik tiklanish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda Xitoy tajribasi namoyish etildi.
Tadbir doirasida Xitoylik mehmonlar tomonidan “Yashil Ipak yo‘li: qumli cho‘llarning qayta tiklanishi” nomli hujjatli film taqdim etildi. Filmda Ichki Mo‘g‘ulistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ekologik barqarorlikni ta’minlash ishlari va “Uch Shimol” davlat loyihasi islohotlari aks ettirildi. Namoyish etilgan film va ko‘rgazmalar tadbir ishtirokchilarda katta qiziqish va taassurot uyg‘otdi.
Ko‘rgazmali taqdimot davomida tomonlar hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish chog‘ida suv tejovchi qishloq xo‘jaligi texnologiyalaridan foydalanish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion g‘oyalarni joriy etish hamda soha mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashdilar.
Ko‘rgazma yakunida hamkorlikda amalga oshiriladigan istiqbolli maqsad va vazifalar belgilab olindi.
Ma’lumot uchun, Xitoyning Inchuan shahrida “Cho‘llanishga qarshi kurash yo‘nalishida Xitoy – Markaziy Osiyo hamkorligi” xalqaro konferensiyasi doirasida O‘rmon agentligi delegatsiyasi xitoylik hamkorlar bilan cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha 2 ta muhim kelishuv bitimlarini imzolagan edi.









