O‘rmon xo‘jaligi sohasiga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqildi
2026-07-14 19:50:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda so‘z olgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishlari milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, biologik xilma-xillikni saqlash, o‘rmonlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini alohida e’tirof etdi.
"Mazkur qonun loyihasi bilan Yer kodeksiga ikki muhim o‘zgartirish kiritilmoqda. Birinchidan, Yer kodeksining 9-moddasi oltinchi qismiga tegishli aniqlashtirish kiritilib, yerlarni toifalarga va bir toifadan boshqasiga o‘tkazishda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bilan bir qatorda o‘rmon fondi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlarining vakolatidan chiqarilmoqda, – dedi E.Muhiddinov. – Ikkinchidan, Kodeksning 76-moddasi yangi norma bilan to‘ldirilib, unga muvofiq, o‘rmon fondi yerlari alohida muhofaza etiladi va ularni boshqa yer toifasiga o‘tkazish faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi asosida amalga oshiriladi. Ushbu norma o‘rmon fondi yerlarining huquqiy muhofazasini sezilarli darajada kuchaytiradi. Shuningdek, bunday muhim qarorlarni qabul qilishda yagona davlat yondashuvini ta’minlaydi hamda huquqni qo‘llash amaliyotida aniqlik va barqarorlikni oshiradi."
Mazkur qonun loyihasi sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan.
Amalda o‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshirilar edi.
Endilikda o‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish tartibi qonun bilan kafolatlanib mustahkamlanmoqda. Qonun loyihasida o‘rmon fondi yerlarining alohida muhofaza etilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadigan hujjat asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Shuningdek, o‘rmon fondi yerlarining huquqiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi o‘rmon fondi yerlarining tabiiy saqlanishini ta’minlash, ulardan maqsadli va oqilona foydalanishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash, ekologik barqarorlik va biologik xilma-xillikni saqlash uchun mustahkam huquqiy asos yaratish, o‘rmon fondi yerlarini muhofaza qilish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.



