O‘rmon fondi yerlari muhofazasi yanada kuchaytiriladi
2026-07-14 17:40:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda o‘rmon fondi yerlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Ta’kidlandiki, mazkur qonun loyihasi sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan. Qonun loyihasida o‘rmon fondi yerlarining alohida muhofaza etilishini ta’minlash maqsadida “Yer kodeksi”ga o‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadigan hujjat asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, o‘rmon fondi yerlarining huquqiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Fraksiya a’zolari mazkur o‘zgartishlar o‘rmon fondlari yerlarining muhofazasini kuchaytirish, biologik xilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.



