Yoshlar va ekologlar o‘rtasida muloqot tashkil etildi
2026-07-01 16:10:00 / Yangiliklar

Unda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktor o‘rinbosari G‘ofurjon Qarshiboyev, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Zarina Abdullayeva, Qo‘mita departament boshlig‘i Bahrom Xolxo‘jayev, Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattorov, “Yashilloyiha” loyihalash instituti direktori Olimjon Hakimov, Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktor o‘rinbosari Ibrat Karimov, Yoshlar ishlari agentligi direktor maslahatchisi Shirin Abidova respublikaning barcha hududidan kelgan eko-faol yoshlar ishtirok etdi.
Muloqotda atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi muammolar va ularga yechim izlash, xususan, yashillik darajasini oshirish, bioxilma-xillikni saqlash, o‘simlik va hayvonlarni asrash, iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish borasida kerakli tavsiya va maslahatlar berildi.
Shuningdek, yoshlar tomonidan cho‘llanishga qarshi kurash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxt va buta ko‘chatlarini to‘g‘ri parvarish qilish, har bir hududda iqlimga mos daraxt ekish, shox-shabbalarni yoqmaslik va boshqa mavzulardagi savollarga batafsil javob berildi.
Qolaversa, muloqotda eko-faollarning taklif va tashabbuslari ham e’tiborga olinib, nafaqat respublika, balki mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, tabiatga antropogen ta’sirning oldini olishda yoshlarning o‘rni muhim ekanligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, “Eko-oromgoh” doirasida seminarlar, yoshlarning sohaga oid bilimlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan intellektual o‘yinlar, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida sport musobaqalari va boshqa tadbirlar rejalashtirilgan.









