Cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik bitimlari imzolandi
2026-06-17 19:30:00 / Yangiliklar

Birinchi hamkorlik bitimi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov va Xitoyning Ningxua o‘rmon xo‘jaligi va yaylovlar boshqarmasi boshlig‘i Vu Syaruy xonim o‘rtasida imzolandi.
Ushbu bitimga asosan, ihota o‘rmonlari barpo etish orqali mintaqaning yashillik darajasini oshirish, zamonaviy ko‘chatxonalar va onalik plantatsiyalari barpo etish, barqaror o‘rmon xo‘jaligi va yashil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, kelgusida hamkorlikda suv resurslaridan oqilona foydalanish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tuproq sho‘rlanishining oldini olish va ekotizimlarni bosqichma-bosqich mustahkamlash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Tadbirda tomonlar hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish, jarayonlarga soha mutaxassislarini jalb qilish hamda moliyalashtirish imkoniyatlaridan unumli foydalanish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratdilar.
Shundan so‘ng, O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov va Xitoyning “Yinchuan Wolsenn Modern Irrigation Co., Ltd” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chen Lin tomonidan yana bir muhim hamkorlik bitimi imzolandi. Unga ko‘ra, xitoylik hamkorlar mamlakatimizga suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalari (fertigatsiya namoyish tizimi) yetkazib berish va mahalliy mutaxassislar uchun ushbu texnologiyalar bo‘yicha muntazam o‘quv xizmatlari tashkil etishni o‘z zimmasiga oldi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati qariyb 110 ming yuanni tashkil etadi.
Ahamiyatlisi, hamkorlikda ushbu zamonaviy xitoy texnologiyalarining joriy etilishi mamlakatimizda yangi o‘rmonlar barpo etish va cho‘llanishga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini sezilarli oshiradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, fertigatsiya — sug'orish suvi va o'simlik uchun zarur bo'lgan mineral o'g'itlarni bir vaqtda, yagona tizim orqali o'simlik ildiziga yetkazib berish jarayonidir. Bu zamonaviy agrotexnologiya bo'lib, odatda tomchilatib sug'orish tizimlari bilan birgalikda qo'llaniladi.
Natijada ozuqa moddalari to'g'ridan-to'g'ri o'simlik ildiziga yetib boradi. O'g'it sarfi 20-50 foizgacha tejaladi. O'g'itlash va sug'orish bitta texnologik jarayon orqali avtomatik amalga oshiriladi. Mehnat yengillashadi.
Ma'lumot o'rnida, o‘tgan 2025-yil mobaynida O'rmon agentligi tomonidan Xitoy bilan hamkorlik doirasida bir qator samarali ishlar amalga oshirildi.
Xususan respublikamizning 5 ta hududi – Arnasoy, Karmana, Muborak, Qorako‘l va Nukus tumanlarida galofit o‘simliklari bog‘lari tashkil etildi. O‘zbekistonga Xitoydan galofit o‘simliklarning 1,4 ming tonna urug‘i olib kelindi. Hozirda mazkur urug‘lardan galofit ko‘chatlarini yetishtirish ishlari boshlab yuborilgan.
Shuningdek joriy yildan boshlab O‘rmon agentligi va Xitoyning "Sinoway Forest" kompaniyasi hamkorligidagi “Zararli uglerodlarni yutuvchi о‘rmоn xo‘jaligini rivojlantirish va ekotizimlarni tiklash” loyihasi doirasida Surxondaryo viloyatida 5 ming gektar pistazor barpo etilmoqda.


