Rasmiy munosabat
2026-06-16 18:00:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 2-may kuni viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi inspektorlari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari hamda O‘rmon xo‘jaligi xodimlari hamkorlikda Romitan, Jondor va Peshku tumanlarida joylashgan o‘rmon xo‘jaliklari hududlarida qonunbuzilishi holatlarini oldini olish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazilgan.
Reyd davomida shaxsi noma’lum fuqaro boshqaruvida bo‘lgan davlat raqamisiz Gaz-53 rusumli yuk mashinasi Uchqur cho‘l massividan g‘ayriqonuniy tarzda saksovul olib ketayotganligi kuzatilgan.
Shundan so‘ng, huquqbuzar to‘xtatish ishorasiga qaramasdan tez harakatlanayotgan yuk mashinasi bortidagi saksovullarni bo‘shatib qochishga uringan.
Huquqbuzar qochishi davomida boshqaruvidagi yuk avtomashinasi bilan uni kuzatib harakatlanib kelayotgan Buxoro davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli Niva rusumli avtomashinaga qasddan zarar yetkazib, voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda avtomashina boshqaruvida bo‘lgan o‘rmon qo‘riqchisi O. Aminov va o‘rmonchi A. Quvvatovga jiddiy tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, huquqni himoya qiluvchi organlarga topshirilgan.
